Suv yoʻllarini betonlashtirish suv tejashning innovatsion usuli
Mamlakatimizda suv resurslaridan samarali va tejamkor foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida suvdan tejab-tergab foydalanish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishni yaxshilash maqsadida qator ishlar olib borilmoqda. Bunda kanal va ariqlarni betonlashtirish orqali suv yoʻqotishlarini kamaytirish, sugʻoriladigan maydonlar hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Ana shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2025-2026-yillardagi kuz-qish va bahor vaqtlarida Samarqand viloyatida 5 ta obyektda kanal va sugʻorish tarmoqlarini betonlash hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ichki xoʻjaliklar, xoʻjaliklararo va magistral kanallari, viloyatdagi barcha tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasalari balansidagi ichki sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish boʻyicha 420 kilometr masofa rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar 420,9 kilometr betonlashtirilgan.

Viloyatda shuningdek, klaster va fermer xoʻjaliklari hisobidagi 2400 kilometr ichki sugʻorish tarmoqlarini ham betonlashtirish ishlari rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda bu ishlar toʻliq bajarildi.
- Respublika byudjeti hisobidan amalga oshirilayotgan Qoʻshrabot tumanidagi “Oqtepasoy”ga oqib keluvchi 2 kilometr kanalni betonlash va suv toʻsish inshooti qurish 100 foizga bajarilgan, — deydi “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi shuʼba boshligʻi Husan Hojiqulov. — “Oqdaryo” daryosining PK10+00 dan PK60+70 gacha qismini rekonstruksiya qilish va gidrotexnik inshootlarni taʼmirlash ishlari ham toʻliq yakunlandi. Ishtixon tumani “Barlos” MFY hududidagi “Toʻsinsoy” soyiga suv toʻsuvchi inshoot qurish va “Yangikent” nasos stansiyasiga suv keltiruvchi 1,5 kilometr kanalni betonlashtirish ishlari ham deyarli bajarib boʻlindi. Shu bilan birga Payariq tumanidagi “Pay” kanalini PK35+00 dan PK183+00 gacha 13,3 kilometr qismini toʻliq rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda u ham deyarli yakunlanmoqda.

Bundan tashqari, melioratsiya obyektlari boʻyicha Payariq tumanidagi “Qalandar” kollektorini 1,4 kilometr yopiq-yotiq drenaj tarmogʻiga aylantirish toʻliq 90 foizga bajarilgan boʻlsa, Ishtixon tumanidagi “Oqqoʻrgʻon-2” kollektorini 1,7 kilometr yopiq-yotiq drenaj tarmogʻiga aylantirish hamda Payariq tumanidagi “Yangi toʻqqiz” kollektorining 1,3 kilometr qismini betonlashtirish boʻyicha qurilish ishlari 2 smenada olib borilmoqda. Bu boradagi belgilangan ishlar may oyiga qadar toʻliq yakunlanadi.
Shuningdek, Bulungʻur tumanida 23,5 kilometr uzunlikdagi Oqtepa kanalini betonlash, 11,3 kilometr quvur tortish va 2,5 kilometr lotok oʻrnatish orqali 2,2 ming gektar yer maydonining suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha ishlar ham yakuniga yetkazilmoqda.

- Mazkur kanalning bugungi kunga qadar 20 kilometrdan ortiq qismi betonlashtirildi. Qolgan qismida ham betonlash ishlari jadal davom etmoqda, — deydi Bulungʻur tuman hokimi oʻrinbosari Asliddin Mamatmusayev. — Quvur tortish ishlari ham yakuniga yetkazilmoqda. Hozirda vigitatsiya davrida sugʻoriladigan yerlar va tomorqalarni suv bilan uzluksiz taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
2026-yilda viloyatda amalga oshirilayotgan betonlashtirish ishlari yakunlangandan keyin kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,68 ga yetkaziladi. Shuningdek, 351,5 million kub metr suvni tejab qolish imkoniyati yuzaga keladi.
Shuning oʻziyoq bu kabi ishlarni sifatli bajarish eng muhim vazifalardan biri ekanligini koʻrsatib turibdi. Ana shu maqsadida barcha obyektlar Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Oʻtgan oyda Bulungʻur tuman prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan monitoring tadbiri davomida “Oqtepa” kanalini betonlash ishlarida quruvchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan bir qator kamchiliklar aniqlangan va joyida bartaraf etilgan.
Xususan, kanalning PK0+00 dan PK91+00 qismida 220 kvadrat metr sifati past beton ishlari bajarilgani aniqlanib, ushbu qism joyida buzdirilib, ish qayta bajarilgan. Shuningdek, ijro hujjatlari yuritilmagani, ishchilar maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanmagani ham maʼlum boʻlgan.
Shu kabi kamchiliklar Payariq tumanidagi “Pay” kanali va boshqa obyektlardagi ish jarayonlarida ham aniqlanib bartaraf etilgan. Mamlakatimizda suv resurslaridan tejamkorlik bilan samarali foydalanishga davlat darajasida ustuvor ahamiyat qaratilayotgan bir paytda quruvchilarning bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻyayotganligini qanday izohlash mumkin.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring