Surxondaryolik oʻquvchi xalqaro olimpiadada oltin medal sohibi boʻldi
Adigeya Respublikasining Maykop shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasi yuqori nufuzga ega xalqaro intellektual musobaqa sifatida eʼtirof etiladi. Mazkur nufuzli bellashuvda Oʻzbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, yurtimiz sharafini himoya qildi.
Termiz shahridagi 14-maktab oʻquvchisi Elshod Oʻralov ushbu olimpiadada eng yuqori natijani qayd etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Bu yutuq mamlakatimizda taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy samarasidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim olishi va xalqaro maydonda munosib ishtirokini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani oʻz natijasini bermoqda. Iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi islohotlar yurtimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda.
Elshodning erishgan ushbu yutugʻi ham mamlakatimiz ilm-fan sohasidagi nufuzini yanada oshirishga hissa qoʻshishi shubhasiz.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring