Surxondaryoda “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari oʻtkazilmoqda
Surxondaryoda Respublika ishchi guruhi vakillari ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari boshlandi. Xususan, Termiz shahridagi birinchi bolalar musiqa va sanʼat maktabida Oʻzbekiston mahallasi ahli uchun tashkil etilgan tadbirda taniqli olimlar, elimiz eʼtiboridagi sanʼatkorlar, mahalladagi yoshlar, nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.
Soʻnggi toʻrt yil mamlakatimiz tarixida tub islohotlar va yangilanish davri boʻldi. Ayniqsa, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus hayotga samarali tatbiq etilmoqda.
Ushbu islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazish va aholi kayfiyatini koʻtarish maqsadida oʻtkazilgan bugungi tadbirda taniqli olimlar, yozuvchi-shoirlar, madaniyat arboblari, teatr aktyorlari va yoshlardan iborat targʻibotchilar guruhlari tomonidan bildirilgan fikrlar va namoyish etilgan sahna koʻrinishlari shuningdek, vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbir qatnashchilariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Bugungi kunda qoʻshni davlatlar bilan chegaralarimiz ochilib, qavmu qarindoshlar, doʻstu birodarlar oʻrtasida bordi-keldi munosabatlari, iqtisodiyot, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sanʼat kabi sohalardagi oʻzaro hamkorlik qayta tiklandi. Bundan toʻrt yil muqaddam atigi bitta universitetga ega boʻlgan janubdagi vohada bugun oltita oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida yon qoʻshni davlat yigit-qizlari oʻqib, oʻzlari tanlagan kasb sirlarini chuqur oʻrganmoqda.
Keyingi yillarda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar yangi yoʻnalishdagi tibbiyot muassasalarini barpo etib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash, koʻp qavatli keng shinam va arzon uy-joylar qurish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yangi bosqichda yuksaltirish, vohaning turistik salohiyatini oshirish va agrar tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham oʻz ifodasini topmoqda.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir doirasida mohir yosh sportchilar, harbiy xizmatchilar koʻrgazmali chiqishlarini namoyish etdi. Termiz shahrining bosh rejasiga asosan barpo etilayotgan ijtimoiy soha obyektlari, 9,12 va 16 qavatli yangi uylar loyihalari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, milliy hunarmandlik buyumlari va kitoblar, yosh rassomlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalariga bagʻishlangan videorolik barchada iliq taassurot uygʻotdi.
Taniqli shoirlar Vatan va tinchlikni, tinch-osuda, obod hayotni tarannum etgan sheʼrlaridan namunalar oʻqidi. Mannon Uygʻur nomli viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan spektakllardan parchalar, xalqimiz qalbidan joy olgan sanʼatkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Hozirda Respublikamizning barcha hududlarida “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring