Surxondaryoda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda
Surxondaryo viloyatida “Yurt obodligi — avvalo mahalladan boshlanadi” shiori ostida umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik va koʻtarinki ruhda oʻtkazilmoqda. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida erta tongdanoq aholi, mahalla faollari, tashkilot va muassasalar xodimlari bir yoqadan bosh chiqarib, obodonlashtirish ishlariga kirishdilar.
Mahallalar, koʻchalar va xiyobonlarda tozalik ishlari jadal olib borilmoqda. Shuningdek, tashkilot va muassasalar hududlarida koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, boʻsh maydonlarga gul koʻchatlari ekilyapti. Daraxtlarga shakl berilib, atrof-muhit yanada chiroyli va fayzli koʻrinish kasb etmoqda.
Hashar davomida muqaddas qadamjolar va qabristonlar ham tartibga keltirilib, ular atrofi obod etilmoqda. Ariq va zovurlar tozalanib, aholi yashash manzillarining sanitar holatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ikki kun davom etadigan umumxalq hashari doirasida keng koʻlamli ishlar rejalashtirilgan. Xususan, birinchi kunning oʻzidayoq voha aholisi tomonidan 2 ming gektardan ortiq hududni obodonlashtirish, 1,5 ming tonna chiqindilarni olib chiqish, shuningdek, koʻplab ariq va zovurlarni tozalash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, tadbir doirasida 881 ta qabriston, 35 ta ziyoratgoh hamda qariyb 13 mingta koʻcha hududida obodonlashtirish va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring