Surxondaryoda Oʻzbek tili bayrami munosib nishonlandi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Termiz shahrida Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi. Bayram buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyilishi bilan boshlandi. Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, oliy taʼlim taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlar, shuningdek, harbiylar ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov soʻzga chiqib, oʻzbek tilining dunyodagi eng jozibador, eng boy muloqot vositasi ekanini alohida taʼkidlab, jahondagi ilk leksikologik lugʻat ham aynan oʻzbek tilida yozilganini qayd etdi. Shuningdek, olimlar, tilshunoslar mamlakatimizda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishining ahamiyati hamda keyingi yillarda tilimizni asrab-avaylash va nufuzini oshirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida soʻz yuritdi.
Sanʼat saroyi majmuasida davom etgan tadbirda Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi tomonidan ona tilimiz ulugʻlangan sahna asarlaridan parchalar namoyish etildi, vohamizning taniqli sanʼatkorlari va folklor jamoalari chiqishi barchaga manzur boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring