Surxondaryoda limonchilikni rivojlantirish uchun 60 million dollar yoʻnaltiriladi
“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. 2020-2021-yillarda Surxondaryoda limonchilikni rivojlantirish uchun Turkiyaning “Azom Enerji Mühendislik İnşaat Ticaret Limited Şirketi” bilan hamkorlikda umumiy qiymati 60 million dollarga teng boʻlgan loyiha amalga oshiriladi. Mazkur kompaniya taʼsischiligida viloyatda “Organik Limon” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, Termiz tumanidagi “Nurafshon” mahallasi hududidan 100 gektar yer maydoni ajratildi. Loyihaga koʻra 300 ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.
Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Turkiyaning “Azom Enerji Mühendislik İnşaat Ticaret Limited Şirketi” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda bu haqda kelishib olindi.
Viloyatning tabiiy-iqlim sharoiti limon yetishtirish uchun juda qulay. Prezidentimizning 2018-yil 6-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida limonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida keyingi yillarda viloyatda limon yetishtirishni jadal rivojlantirish, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mazkur qarorga binoan limonchilikni rivojlantirish uchun xorijiy sarmoyalarni, chet ellik mutaxassislar va innovatsion texnologiyalarni faol jalb qilish, yetishtirilgan limon mahsulotlarini eksportga chiqarish va shu orqali aholi bandligi va daromadlari darajasini oshirish vazifalari belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring