Surxondaryoda ijtimoiy xizmatlar uchun yangi zamonaviy bino foydalanishga topshirildi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda Termiz shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining yangi va zamonaviy binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, tegishli tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari hamda sohaning fidoiy xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni alohida taʼkidlashdi.
— Bugun xalqimizga munosib xizmat qilish, ijtimoiy himoyani samarali tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Muhiddin Togʻayev. — Yangi binoda ish boshlashimiz fuqarolarimizga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini tubdan oshirishga xizmat qiladi. Markaziy hududda joylashgan mazkur inshoot zamonaviy arxitektura asosida qurilgan boʻlib, barcha qulayliklarga ega. Ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun barcha infratuzilmalar yaratilgan. Elektron navbat tizimi, axborot burchaklari, psixologik va huquqiy maslahatlar, qulay qabul xonalari fuqarolar uchun ochiq va shaffof xizmat koʻrsatishga xizmat qiladi. Yangi markaz “Yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Fuqaro bitta murojaat orqali nafaqa, moddiy yordam, uy-joy masalalari va boshqa ijtimoiy xizmatlarni olish imkoniyatiga ega boʻladi. Hamkor tashkilotlar bilan integratsiya qilingan tizim orqali har bir murojaat tezkor va samarali hal etiladi. Asosiy maqsadimiz — inson manfaatini taʼminlash, fuqarolarimizning hayotida ijobiy oʻzgarishlar yaratish. Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlarning markazida inson qadri turadi. Shu tamoyil asosida faoliyatimizni tashkil etib, xalqimiz ishonchini oqlashga intilmoqdamiz.
Markazning ushbu yangi binosi — “Barchasi inson uchun!” degan tamoyilga asoslangan holda, yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan yana bir amaliy qadam boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring