Surxondaryoda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovi 1-may kuni boshlanadi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar viloyat boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan brifingda fuqarolar yigʻinlari raislari sayloviga Surxondaryo viloyatida ham qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayotgani xususida batafsil maʼlumot berildi.
Maʼlumki, shu yilning may iyul oylarida mamlakatimizda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovi boʻlib oʻtadi. Ushbu saylovni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi viloyat komissiyasi raisi Abduraim Choriyevning maʼlum qilishicha, Surxondaryoda fuqarolar yigʻini raislari saylovi 1-may kuni boshlanadi:
— Joriy yilning may iyul oylarida oʻtkaziladigan fuqarolar yigʻini raislari saylovini yuqori saviyada oʻtkazish uchun mahalla raislari saylovlarini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar qoshida shtablar tashkil etildi. Ishchi guruhlarning ish samaradorligini oshirish uchun oʻn turdagi kanselyariya mahsulotlari bilan taʼminlandi. Aholining fuqarolar yigʻini raisi saylovlaridan xabardorligini oshirish, shuningdek, ularni saylovga chorlash maqsadida har bir mahallaga saylovga oid targʻibot materiallari, 4 xil mazmun va ikki xil rangdagi bannerlar yetkazib berildi. Elektron tablolarga turkum chaqiriqlar video roliklari joylashtirildi. Saylov oʻtkaziladigan bino va inshootlarga nomzodlar hamda saylovga oid maʼlumotlar aks ettirilgan stendlar ham joylashtirilmoqda.

Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tuman (shahar)lar komissiyalari va ishchi guruh aʼzolari uchun oʻquv-seminari tashkil etilib, ularning bilim hamda koʻnikmalari oshirildi. Ishchi guruhlarning vazifalari, huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Ishchi guruhlar viloyatdagi tuman va shahar koʻmaklashuvchi komissiyalarining qarori bilan mahallalarda vakillar miqdorini belgiladi. Shunga koʻra, fuqarolar yigʻini saylovlarida 174 ming 449 nafar vakil ishtirok etishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, hozir viloyatdagi mavjud 724 ta MFYda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovi oʻtkazilishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring