Surxondaryoda eng namunali yoshlar yetakchilari aniqlandi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Mahallalarda yoshlarning iqtidor va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni birlashtirib, ularni kasb-hunarli qilishda hududdagi yoshlar yetakchisining oʻrni ahamiyatli. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi mana shunday faol yoshlar yetakchilarini aniqlashga xizmat qilmoqda.
Yetakchilar ongi, qalbida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” gʻoyasini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik hamda yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirish, shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna boʻlayotgan yoshlar yetakchilarini ragʻbatlantirish, yuksak bilimli va professional kasbiy mahoratga ega boʻlgan isteʼdodli yosh kadrlarni aniqlash, rahbarlik lavozimlariga tayinlash hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi anʼanaviy oʻtkazib kelinmoqda.
Mazkur tanlovning Surxondaryo viloyati bosqichida 112 nafar mahalla yoshlar yetakchisi “Yoshlar balansi” tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi», “Yoshlar daftari” tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi», “Yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” kabi 10 ta yoʻnalish kesimida ishtirokchilar oʻzaro bellashdi.
Xususan, Boysun tumanidagi Xoʻjabulgʻon mahallasi yoshlar yetakchisi Yoʻlchi Xudoyqulov tomonidan joriy yil boshidan buyon yoshlarni sportga, turli kasb-hunar toʻgaraklariga jalb etish borasidagi tashabbuslari natijasida bugun xoʻjabulgʻonlik oʻgʻil-qizlar yuksak natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Ommaviy bayramlar, turli sayllar, shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kitobxonlik, madaniyat va sanʼat, intellektual oʻyinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari boʻyicha oʻtkazib kelinayotgan musobaqada xoʻjabulgʻonlik yoshlar hamisha oldingi qatorda. Tanlov jarayonida uning bu boradagi faolligi ijobiy baholandi.
Yakuniy natijalarga koʻra, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 10 nafar yoshlar yetakchisiga diplom va esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring