Surxondaryoda 45 589 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi

12:06 25 Oktyabr 2024 Jamiyat
222 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatida 27-oktyabr kuni oʻtkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga 45 589 nafar saylovchi oʻzlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda muddatidan oldin ovoz berdi.

Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni Saylov kodeksi va umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida oʻtkazildi.

Xususan, Termiz tumanidagi Afgʻon fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi hududida joylashgan 228-saylov uchastkasida saylovchilar muddatidan oldin ovoz berishi uchun barcha qulaylik yaratildi. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari, deputatlikka nomzodlarning tarjimayi holi va saylovoldi dasturlari, shuningdek, tanishib chiqish uchun saylovchilar roʻyxatlari saylov uchastkasidagi stendlarga ilib qoʻyilgan.

— Bu yil mamlakatimizda muddatidan oldin ovoz berish 16-oktyabrdan boshlandi, — deydi 228-saylov uchastkasi raisi Bahrom Oʻralov. — Saylov kuni doimiy yashash manzilida boʻlmaydigan 50 nafarga yaqin saylovchi oʻz huquqlaridan foydalanib, muddatidan oldin ovoz berdi. Saylov uchastkamiz nomzodlarga oid maʼlumotlar, Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan namunadagi ovoz berish byulleteni va uni toʻldirish tartibi bilan taʼminlangan. Saylovlar sanasiga bagʻishlangan plakatlar, uchastka komissiyasi aʼzolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchilik jadvali, fuqarolar murojaati uchun Markaziy saylov komissiyasining ishonch telefoni, elektron manzili, okrug komissiyasi, sud va prokuratura organlarining telefon raqamlari ilingan.

Angor tumanidagi 137-saylov uchastkasi Navbahor mahallasida joylashgan tuman Madaniyat markazida tashkil etilgan. Barcha zamonaviy qulayliklarga ega binoda saylovchilarning muddatidan oldin oʻz xohish-irodasini emin-erkin bildirishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Saylov kuni bu yerda 1 ming 887 nafar saylovchi ovoz berishi kutilmoqda. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 100 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi.

Baxtiyor Baratov saylov kuni xizmat safarida boʻlishi sababli saylov komissiyasiga murojaat etib, muddatidan oldin oʻzi tanlagan partiya va nomzodlarni yoqlab ovoz berdi. Hilola Umarova ham saylov kuni tumanda boʻlmasligi bois muddatidan oldin oʻz xohish-irodasini ifoda etdi.

Viloyatda 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovlarda 1 million 431 ming 860 dan ortiq fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda. Saylov kuni turli sabablar bilan oʻz hududida boʻlmaydigan 45 589 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.

Surxondaryo viloyatida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 23-oktyabr soat 18:00 da yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер