Surxondaryoda 3 ming dollar talab qilgan mansabdor qoʻlga olindi
Termiz shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mansabdor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu mansabdor shaxs oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda oʻzganing ishonchiga kirib, uning pul mablagʻini noqonuniy oʻzlashtirmoqchi boʻlgan.
Aniqlanishicha, u goʻyoki ushbu boʻlim tez orada boshqa joyga koʻchishini bildirib, boʻshaydigan binoni yer maydoni bilan birgalikda tanishlari yordamida auksion orqali sotib olib berish evaziga fuqarodan 3 ming dollar talab qilgan.
DXX, IJQKD va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs 2 ming dollar va 12 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring