Surxondaryoda 295 gektar yer yoqib yuborildi

18:24 14 Iyun 2024 Jamiyat
627 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Somon qoldiqlarini yoqib yuborilishi natijasida dala chetida ixota sifatida ekilgan 172 tup manzarali va mevali daraxtlar kuygan.

Surxondaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, viloyatning Qumqoʻrgʻon hamda Jarqoʻrgʻon tumanlarida dron orqali oʻtkazilgan reyd tadbirlarida gʻalladan boʻshagan yer maydonlarini yoqish bilan bogʻliq 15 ta holat aniqlandi.

Qumqoʻrgʻon tumanida 11ta fermer xoʻjaligi tomonidan gʻalladan boʻshagan 208 gektar yer yoqib yuborilgan. Natijada, dala chetida ekilgan jami, 18 ta manzarali va mevali daraxt ham kuygan. Jarqoʻrgʻon tumanida aniqlangan 4 ta holatda jami, 87 gektar somon qoldiqlariga oʻt qoʻyilgan. Dala chetida ixota sifatida ekilgan 154 tup tut daraxti kuygan.

Yuqoridagi huquqbuzarlik holatlari yuzasidan fermer xoʻjaliklarining har biriga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 88-moddasi 3-qismiga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, aniqlangan holatlar boʻyicha tabiatga yetkazilgan zararlar hisoblanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

Maʼlumot uchun, somon poya qoldiqlari yonishi natijasida atmosfera havosiga uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sogʻligʻi uchun oʻta zararli boʻlgan zaharli moddalar ajralib chiqadi.

Somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligi keskin pasayishi, tuproq strukturasi buzilishi hamda yongʻin natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlar yoʻq boʻlib ketishi oqibatida ekin yerlari ball boniteti keskin pasayadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер