Surxondaryoda 28 nafar fuqaroga murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun mablag‘ ajratildi

12:09 15 Noyabr 2021 Jamiyat
1219 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi jadal  rivojlanib, ilg‘or amaliyotlar joriy etilayotgani xastaliklarni erta aniqlash va ularni o‘z vaqtida samarali davolash imkonini berayotir. Biroq  shunday murakkab jarrohlik amaliyotlari borki, ularni o‘tkazish uchun, avvalo, katta mablag‘ talab etiladi. Moddiy imkoniyati yetarli, sodda qilib aytganda, puli bor inson o‘zi yoki yaqinlarida bunday amaliyotlarni o‘tkazish orqali salomatligini tiklashi mumkin, biroq topgani ro‘zg‘oridan ortmaydigan ehtiyojmand hamyurtlarimiz ham oz emas.

Joriy yilda Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullar chog‘ida murakkab jarrohlik amaliyoti uchun moliyaviy ko‘mak so‘ragan fuqarolar murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilib, qanoatlantirildi. 

- Farzandim tug‘ma yurak porogi bilan og‘rib kelayotgandi,  -deydi Jarqo‘rg‘on tumani Neftchilar ko‘chasida yashovchi Nozima Zulfiqorova.  - Shifokorlar o‘g‘limga murakkab jarrohlik amaliyoti  o‘tkazish lozimligini aytishganidan buyon oradan 12 yil vaqt etdi. Mana shu o‘tgan yillar mobaynida o‘g‘limning sog‘lig‘i,  kelajagidan xavotirlanib,  qancha tunlarni bedor o‘tkazdim. Oilaviy ahvolimiz nochorligi, operatsiya uchun zarur mablag‘imiz yo‘qligi tufayli sayyor qabulda viloyatimiz hokimidan amaliy yordam so‘radim. Mening murojaatim inobatga olib, o‘g‘limda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun 28 million so‘m mablag‘ ajratildi. Muolaja ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilib,  hozirda farzandim o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Beminnat yordam ko‘rsatilgani uchun davlatimizdan minnatdorman. Xudo xohlasa, jigarbandim Vatanimizga xizmat qiladigan farzandlar qatoridan joy oladi.

Bu kabi insonparvarlik yordami yurtimizda fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimining samarasi, qolaversa, inson qadrini ulug‘lashning amaliy natijasidir. Aytish joizki, Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan hozirga qadar mamlakatimiz hamda viloyatdagi davolash muassasalarida 28 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqaroning yurak porogi xastaligini davolash uchun 536 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. Maʼlum qilinishicha, viloyatda bu yo‘ldagi xayrli ishlar izchil davom ettiriladi.

 

Ilhom RAHMATOV,"Xalq so‘zi". 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер