Surxondaryoda 10 ming gektar maydonda “yashil makon” barpo etiladi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng koʻlamli koʻchat ekish tadbirlari Surxondaryo viloyatida ham uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Kecha davlat rahbari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berildi. Shu bilan birga, mamlakatimizning 14 ta hududi, jumladan, Surxondaryo viloyati ham videokonferensiya aloqasi orqali ulanib, hududlarda koʻchat ekish ishlari amalga oshirildi.
Ushbu tadbirlarda viloyat rahbari boshchiligida keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Angor tumanida tashkil etilayotgan “yashil belbogʻ” loyihasi hududida daraxt koʻchatlari ekildi.

Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda “yashil makon” barpo etish belgilangan. Bugungi kunga qadar shundan 2 ming gektar maydonda daraxt koʻchatlari ekildi. Shuningdek, Sherobod tumanida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona klasterini tashkil etish hamda 100 gektardan ortiq hududda dendrologiya bogʻi barpo etish rejalashtirilgan.
Angor va Termiz tumanlaridan oʻtuvchi M39 xalqaro magistral yoʻli boʻyida joylashgan 215 gektar maydonda “oʻrmon usuli”da 550 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, parvarishlanmoqda. Jumladan, Angor tumanida 102 gektarda 261 ming tup, Termiz tumanining “Yangiobod” mahallasida esa 31 gektarda 12,7 ming tup eldor qaragʻay koʻchatlari ekilgan boʻlib, qoʻshimcha ravishda 6,5 ming tup naʼmatak bilan boyitilmoqda.
Koʻchatlarni samarali parvarishlash maqsadida zamonaviy sugʻorish infratuzilmasi yaratilgan: suv qudugʻi, transformator va suv havzalari qurildi hamda tomchilatib sugʻorish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Amalga oshirilayotgan “yashil belbogʻ” loyihalari hududlarda chang-toʻzonlarning oldini olish, ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qilmoqda. Xususan, “Kattaqum” hududida 82 gektarda 218 ming tup, Angor tumanining “Qoraqir” massivida esa 108 gektarda 270 ming tupga yaqin turli xil daraxt va buta koʻchatlari ekilmoqda.
Maʼlumot uchun, oʻtgan yilda “Yashil makon” loyihasi doirasida 20,7 million dona koʻchat ekilib, belgilangan reja 103 foizga bajarildi. Shuningdek, “Mening bogʻim” loyihasi asosida 12 ta yangi yashil hudud barpo etildi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring