Sunʼiy intellekt davrida taʼlim qanday tashkil etilishi kerak?
Sunʼiy intellekt (SI)ning chuqur oʻzlashtirilishi tibbiyot, transport, energetika, taʼlim va davlat boshqaruvi kabi koʻplab sohalarda innovatsion yechimlar yaratish hamda global raqobatbardoshlikni oshirish imkonini bermoqda.
2025-yil 21-oktyabr kuni Toshkent shahridagi IT-parkda hudud va tarmoqlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda Prezidentimiz: “Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga — sunʼiy intellekt davriga dadil qadam qoʻymoqda. Bunday texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib, taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Qaysi soha boʻlmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki boʻladi”, degan edi.
Darhaqiqat, bugungi dunyoda iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, transport, energetika va hatto davlat boshqaruvi jarayonlari shunchalik murakkablashib ketdiki, ularni anʼanaviy usullar bilan boshqarish tobora qiyinlashmoqda. Maʼlumotlar hajmining keskin oʻsishi, tezkor va aniq qarorlar qabul qilishga ehtiyoj, inson resurslarining cheklangani va xatolik ehtimoli jamiyatni yangi yondashuvlarni izlashga majbur qilayotir. Ana shunday sharoitda SI real muammolarni tahlil etish, bashorat qilish va optimallashtirishda raqamli muhitlarda yuqori samaradorlik koʻrsatib, strategik texnologiyaga aylandi.
Shu sababli, SIni fan sifatida oʻqitish ehtiyoji ortib boryapti. Ammo sohada yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligi dunyo miqyosida keskin sezilmoqda, bu esa taʼlim tizimi oʻquv dasturlariga SI boʻyicha fanlarni kiritishni talab qiladi.
Isteʼmolchi emas, yechim yaratuvchi
Sunʼiy intellekt taʼlimi yoshlarning analitik fikrlashini rivojlantirib, jamiyatni texnologiya isteʼmolchisi emas, balki yechim yaratuvchi kuchga aylantiradi. Raqobat kuchayib borayotgan global sharoitda SIni oʻz vaqtida oʻquv jarayonlariga joriy etgan davlatlar kelajak mehnat bozorini boshqaruvchi va innovatsiyalar generatoriga aylanishi tobora yaqqol koʻrinmoqda.
Masalan, AQSHning Kaliforniya shtatida 6 va 11-sinf oʻquvchilari uchun joriy etilgan “Sunʼiy intellekt savodxonligi” darslari endi oddiy kod yozishni oʻrgatish bilan cheklanmay, oʻquvchilarni “Sunʼiy intellekt jamiyatga qanday taʼsir koʻrsatadi?”, “Qaysi muammolarni hal qila oladi?” kabi real hayotiy savollar ustida fikr yuritishga, mantiqiy va ijodiy yechimlar taklif qilishga oʻrgatadi.
Finlyandiya ham SI boʻyicha ommaviy taʼlim dasturini boshlab bergan davlatlardan biridir. “Elements of AI” kursi nafaqat oʻquvchilarga, balki keng jamoatchilikka ham bepul taklif etilib, qisqa muddatda yarim milliondan ortiq insonlar SI asoslarini oʻrgandi. Bu tajriba keyinchalik maktab va universitetlarning rasmiy oʻquv dasturlariga integratsiya qilindi.
Yoki Xitoy maktablarida 2020-yildan boshlab 7 va 11-sinflar uchun sunʼiy intellekt asoslari majburiy fan sifatida oʻqitilmoqda. Koʻplab maktablarda maxsus SI laboratoriyalari tashkil etilib, oʻquvchilar robototexnika, sensorlar, dronlar va dasturlash orqali real hayotdagi muammolarga amaliy yechim ishlab chiqmoqda.
Yaponiyada esa SI taʼlimini mukammallik madaniyati bilan uygʻunlashtirib, oʻquvchilarga ilk bosqichdayoq algoritmlash, mantiqiy bogʻlanishlar va maʼlumot tahlili kabi asosiy koʻnikmalar shakllantirib borilmoqda.
Jahon tajribasida sunʼiy intellekt taʼlimi bu faqatgina dasturlashni bilish emas, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish, tahliliy yondashuvni shakllantirish, maʼlumotlar bilan ishlash koʻnikmasini mustahkamlash, noanʼanaviy va innovatsion yechimlar yaratish hamda oʻquvchini kelajak kasblariga tayyorlash jarayonidir. SIni erta bosqichdan oʻrgatgan mamlakatlar global bozorda yechim yaratuvchi kuchli raqobatbardosh jamiyatga aylanmoqda. Shunday ekan, Oʻzbekistonda ham maktab va oliy taʼlim tizimiga sunʼiy intellekt fanlarini izchil tatbiq etish — zamon talabi, iqtisodiy ehtiyoj va milliy rivojlanishning muhim strategik yoʻnalishidir.
Istiqbol sari muhim qadamlar
Eʼtirof etish lozim, yurtimizda ham soʻnggi yillarda raqamli transformatsiyani amalga oshirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllanishda ijobiy qadamlar koʻzga tashlanmoqda. Oʻzbekistonda yaqin kelajakda SI texnologiyalari sud tizimi, sogʻliqni saqlash, transport, taʼlim, davlat boshqaruvi kabi koʻplab sohalar uchun ishlab chiqiladi va joriy qilinadi.
Oʻzbekiston kelajakda raqobatbardosh iqtisodiyotni qanday yaratadi? Bu savolning javobi taʼlim tizimida, ayniqsa, maktabdan boshlanadigan texnologik savodxonlikda yashiringan. Maktablarimizda aynan shu modelni oʻtish orqali samarali fikrlovchi, tahliliy aqlga ega, masʼuliyatli texnologik bilimli avlodni shakllantirish mumkin.
Taʼlimning maktabdan keyingi bosqichi bu universitet darajasi boʻlib, jahon oliygohlarida SI alohida fan emas, balki iqtisodiyotning turli segmentlariga integratsiya qilinuvchi kuch sifatida qaralmoqda. Aynan shu model Oʻzbekiston uchun ham mos keladi. Chunki yurtimiz oliygohlarida “SI + soha” tamoyili asosida yangi yoʻnalishlar yaratish boʻyicha ishlar boshlangan boʻlib, turli iqtisodiyot tarmoqlaridagi taʼlim muassasalarida SI va “Data Science” kabi kurslar ochilgan.
Oʻzbekistonda sunʼiy intellektni taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha qiziqish kuchayib borayotgan boʻlsa-da, ushbu jarayon amaliy bosqichda qator tizimli muammolarga duch kelmoqda. Avvalo, maktablarda SI fanini toʻlaqonli oʻqitish uchun zarur texnik infratuzilmani yangilash lozim. Ikkinchi yirik muammo, bu — kadrlar tanqisligi boʻlib, u bevosita universitetlar faoliyati bilan bogʻliq. Sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida nazariy va amaliy bilimlarga ega pedagoglarni aynan oliy taʼlim muassasalari tayyorlaydi, biroq hozircha bu sohaga ixtisoslashgan professor-oʻqituvchilar soni yetarli emas. SI taʼlimini rivojlantirishdagi uchinchi asosiy muammo esa sanoat bilan integratsiyaning sustligidir. Korxonalarda “data” yigʻish va tahlil qilish madaniyati yetarli boʻlmagani uchun oʻquvchi va talabalarning real loyihalar ustida ishlashi qiyinlashadi, “data” boʻlmasa, SI amalda natija bera olmaydi. Shu sabab “davlat — universitet — sanoat” hamkorligini kuchaytirish, qoʻshma laboratoriyalar yaratish va pilot SI loyihalarini moliyalashtirish zarur.
Eng maqbul yoʻl — tizimlilik
Oʻzbekiston uchun strategik yoʻnalish — maktabdan boshlanib, sanoatgacha davom etadigan yagona SI taʼlim ekotizimini yaratish. Maktablarda bosqichma-bosqich SI fanlarini oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish, oliy taʼlimda esa bu fanlarni yanada yuqori saviyada oʻzlashtirish uchun davomchi kurslarni ochish hamda sanoatda esa “data” infratuzilmasini yoʻlga qoʻyib, talabalarga amaliy tajriba beruvchi markazlar tashkil qilish kerak. Biroq “sunʼiy idrok” taʼlimini shoshilinch joriy etish ham xavf tugʻdiradi: infratuzilma va kadrlar tayyor boʻlmasa, sifat pasayadi; raqamli tengsizlik ortadi; axloqiy va huquqiy masalalar eʼtiborsiz qolishi mumkin. Shu bois yuqori texnologiyalar boʻyicha taʼlimni bosqichma-bosqich rivojlantirish, etik va axborot xavfsizligi mavzularini majburiy kiritish, davlat-xususiy sheriklik asosida barqaror SI ekotizimini shakllantirish eng maqbul yoʻldir.
Pirovardida Oʻzbekistonda “taʼlim — tadqiqot — sanoat” zanjiri shakllanib, SI innovatsiyalari real iqtisodiy natijalarga aylanishi mumkin. Bu model mamlakatni raqobatbardosh, texnologik jihatdan yetakchi davlatlar safiga olib chiqadigan strategik kuchga ega. “Sunʼiy aql”ni erta bosqichdan oʻrgatgan davlatlar innovatsiya yaratish, yangi texnologiyalar ishlab chiqish va global mehnat bozorida yetakchilikka erishayotgani amaliy tajribada koʻrinmoqda.
Rashid NASIMOV,
TDIUning Sunʼiy intellekt kafedrasi dotsenti,
Ziyoda NORQULOVA,
kafedraning katta oʻqituvchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring