Sudda yoshlar yutib chiqdi
Foto: Illustrativ foto
Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari amaldagi mehnat qonunchiligida ham oʻz ifodasini topgan boʻlib, unga koʻra har bir shaxsning asossiz ravishda ishdan boʻshatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Modomiki, qisqarish va ish oʻrinlarining optimallashtirilishi tufayli ishdan boʻshatilar ekan, ular oldindan ogohlantirilib, ikki oylik kompensatsiya puli toʻlab berilishi qonun bilan mustahkamlab qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Yoshlar ishlari agentligining mahalla va taʼlim muassasalarida yoshlar bilan ishlash boʻlinmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantirildi.
— Mazkur qarorga koʻra Navoiy shahridagi 10 ta umumtaʼlim maktabining yoshlar yetakchilari shtat birliklari ham qisqartirilib, ularga ogohlantirish xatlari berilgan, — deydi Navoiy shahar adliya boʻlimi bosh maslahatchisi Oʻtkir Normurodov. — Biroq ushbu xodimlarga ikki oylik kompensatsiya pullari toʻlanmagan. Shu munosabat bilan boʻlimimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 1-bandi bilan bekor qilingan umumtaʼlim maktablarining 10 nafar yoshlar yetakchisi lavozimida faoliyat yuritgan fuqarolar manfaatini koʻzlab, Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga daʼvo arizalarini kiritdik.
— Navoiy shahridagi 6-umumtaʼlim maktabida yoshlar yetakchisi boʻlib ishladim, — deydi Suratjon Obidov. — Toʻgʻrisi, agar Navoiy shahar adliya boʻlimi mazkur holatni oʻrganmaganida mehnat munosabatlaridagi mening zararimga qonunbuzarlikni hatto anglamagan ham boʻlardim.
Sudda umumtaʼlim maktablaridagi sobiq yoshlar yetakchilarining daʼvolari qanoatlantirilib, ularga jami 22 994 390 soʻm ishdan boʻshatish nafaqalari undirilishi belgilandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring