Sud-huquq islohotlari: yangi imkoniyatlar, yangi talablar

11:25 05 Noyabr 2021 Jamiyat
3598 0

Bugungi kunda mamlakatimizda mustaqil, ochiq va shaffof sud tizimiga erishish borasida olib borayotgan islohotlar yanada takomillashtirilmoqda. Sudyalarning adolat va qonunning haqiqiy himoyachilari boʻlishiga erishish zarur va shartligi qonun doirasida mustahkamlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va u asosda Sudyalar oliy maktabining tashkil etilishi, faqatgina shu oʻquv yurtini tamomlagan tinglovchilar sudyalik lavozimiga eʼlon qilingan tanlovlarda ishtirok etishi mumkinligi sud tizimidagi islohotlarda muhim qadam boʻldi.

Maʼlumki, 2021-yil 20-sentyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Unga qadar Kengash sudyalik lavozimlariga nomzodlarning zaxirasini shakllantirish kabi vakolatlardan biriga ega edi. Bu esa oʻz-oʻzidan sudyalikka nomzodlarning zaxirasini shakllantirish uchun qoʻshimcha kuch va sarf-xarajatlarni talab etar, Oliy maktabga kirish imtihonlarida ishtirok etuvchi nomzodlarning oz boʻlsada huquqlari cheklanishiga olib kelar edi. Shuningdek, bugungi kunga kelib sudyalikka zaxiraga olish instituti oʻz mazmun-mohiyatini yoʻqotdi, shu sababli sudyalikka zaxiraga olish institutini tugatishni davrning oʻzi taqozo qilayotganligi sababli va 2021-yil 28-iyulda Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Qonunning 7-moddasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Kengash oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlashni tashkil etadi, rahbar sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shakllantiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais oʻrinbosarlari va sudyalari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar va taqdimnomalar kiritadi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari, ularning oʻrinbosarlari va sudyalari, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari sudyalari, tumanlararo maʼmuriy sudlarning raislari, ularning oʻrinbosarlari va sudyalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyalari, hududiy harbiy sudlarning raislarini lavozimga tayinlaydi.

Sudyalar oliy malaka hayʼatining xulosasiga koʻra, sudyalarni ularning vakolatlari muddati davrida oʻz arizalariga asosan sudlarning raislari lavozimlariga oʻtkazish vazifasini ham bajaradi.

Respublika maʼmuriy sudining sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo maʼmuriy sudlarining raislari, ularning oʻrinbosarlari va sudyalari lavozimlariga oʻtkazish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga taqdimnomalar kiritadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, tumanlararo maʼmuriy sudlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining, hududiy harbiy sudlarning sudyalik lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirish mumkin.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda, sudyalarni, sud raislari, oʻrinbosarlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyalari va hududiy harbiy sudlarning raislarini ham lavozimidan ozod qiladi.

Shuningdek, Kengash jismoniy va yuridik shaxslarning sudyalar tomonidan Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etilishi masalalariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi, sudyalarning faoliyatini ularning kasbiga munosibligi nuqtayi nazaridan oʻrganadi, Sudyalar odobi kodeksini tasdiqlaydi.

Davlatimiz rahbari farmonining 3-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, yaʼni Kengash raisi sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni boʻyicha axborot taqdim etishi begilanganligi sababli Kengash raisiga Kengashga yuklatilgan barcha vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishida masʼul ekanligi qonun bilan mustahkamlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan, davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etilishi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining rahbari yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Shu sababli Qonunning 9-moddasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.

Shuningdek, Kengash raisining doimiy asosda ishlovchi oʻrinbosari joriy etilib, unga sudlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tizimli ravishda bartaraf qilish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish vazifasi yuklatilgan. Kengash raisi oʻrinbosari zimmasiga Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasining faoliyati, sud tizimida sudyalik lavozimlariga tanlash va tayinlash jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish, shuningdek axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyati ustidan bevosita rahbarlik qilish yuklatilgan. Shu sababli Kengash raisi oʻrinbosari vazifa va maqomi qonun qabul qilish yoʻli bilan mustahkamlab qoʻyilgan.

Sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bugungi kunning eng asosiy vazifalaridan biri. Shu sababli, bu kabi mezonlar, albatta, qonun bilan mustahkamlangan boʻlishi sudyaning oʻz ustida tinmay ishlashiga va odil sudlov samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Qonunning 12-moddasiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimcha aynan ushbu masala bilan bogʻliqdir. Endi elektron reyting dasturi orqali sudyalar faoliyatining samaradorligini monitoring qilish Kengash aʼzosining huquqlaridan biridir.

Kengash aʼzosining huquqlari mavjud ekan, uning albatta qonun bilan belgilab qoʻyilgan majburiyatlari ham boʻladi. Shu sababli, Kengashga sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, sudya kadrlarini tanlash va tayinlash faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash vazifalari yuklatilgan. Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tashkil etilishi munosabati bilan, 2017-yil 4-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olish choralari ijrosini taʼminlash maqsadida 13-moddaning birinchi qismiga tegishli oʻzgartish kiritildi.

Bir soʻz bilan aytganda, odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirish, sudlarning mustaqilligini, masʼuliyatini kuchaytirish, har tomonlama yetuk, halol, kasbiga sadoqatli sudyalar korpusini shakllantirishga qaratilgan bu yangi oʻzgarishlar inson manfaatlarini himoya qilishga, aholining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga hamda huquqiy davlat barpo qilish hamda rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishdek oliy maqsadga erishishiga xizmat qiladi.

M.Abduvahobova,

Fuqarolik ishlari boʻyicha

Chirchiq tumanlararo sudi raisi

Sh.Ermetova,

Fuqarolik ishlari boʻyicha

Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер