Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishda yangi qadam
Senatning yalpi majlisida qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini izchil isloh etish hamda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat – “Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, sud-ekspertlik faoliyati sud ishlarini har tomonlama, xolis va adolatli koʻrib chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sud ekspertizasi xulosalarining ilmiy asoslanganligi va ishonchliligi sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinishi uchun muhim shart hisoblanadi.
Oxirgi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birgalikda ayrim oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham mavjudligi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.
Ushbu Qonun amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda:
– nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi, ularni tashkil etish, faoliyat yoʻnalishlari belgilanmoqda, shuningdek, nodavlat sud-ekspertlariga byuro tashkil etgan holda yakka tartibda faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda;
– advokatning soʻroviga asosan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar oʻtkazish tartiblari nazarda tutilmoqda;
– sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlari joriy etilmoqda;
– sud-ekspertiza muassasalari (tashkilotlari), sud ekspertlari hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarida foydalaniladigan uslubiyotlar roʻyxatining davlat reyestrini yuritish yoʻlga qoʻyilmoqda;
– davlat sud-ekspertiza muassasalari ekspertlari hamda nodavlat sud ekspertlari faoliyati yuzasidan ekspert-malaka komissiyalari tuzilmoqda;
– sud ekspertlarining kasb-etika qoidalari va ekspertizani oʻtkazishga doir cheklovlar joriy qilinmoqda (ekspertning yaqin qarindoshi, nodavlat ekspertiza muassasasi mulkdori boʻlsa va b.);
– Vazirlar Mahkamasi hamda vakolatli davlat organi sifatida Adliya vazirligining sud-ekspertlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda;
– nodavlat sud ekspertlarini birlashtiruvchi, ularga yaqindan koʻmaklashuvchi Sud ekspertlari palatasini tashkil etish koʻzda tutilmoqda;
– sud ekspertizasini chet davlatning sud ekspertlarini jalb qilish orqali oʻtkazish mexanizmlari belgilab berilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi sud-ekspertlik faoliyatining mustaqilligi va shaffofligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash hamda fuqarolarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring