Standartlarni ishlab chiqish va joriy etishda davlat aralashuvi kamaytiriladi — Qonun loyihasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisidagi tanaffusdan soʻng xalq vakillari “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqishmoqda.
Qonun loyihasida standartlashtirish sohasida manfaatdor tomonlarning oʻzaro munosabatlarini aniqlashtirish, jahon bozorida tovar ayirboshlashdagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, ilmiy-texnik taraqqiyot jarayoniga koʻmaklashish va standartlashtirish sohalarda hamkorlik qilish hamda standartlarni ishlab chiqish va joriy etishda davlat aralashuvini kamaytirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida standartlashtirish tizimi xalqaro amaliyot bilan uygʻunlashtiriladi. Bunda mahsulotlar (xizmatlar) va jarayonlarning sifati, ularning tashqi bozorda raqobatbardoshligining oshishiga erishiladi.
Shuningdek, loyihada koʻzda tutilgan normalar sifatsiz mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va amaliyotda foydalanilishining oldini oladi, isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini himoyalashga, fuqarolar, jamiyat va davlatning sifatli mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan huquqiy normalarning samarali ishlashiga asos boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring