Sportsevar yoshlar uchun zamonaviy markaz barpo etildi
Buxoro shahridagi yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi hududida zamonaviy inshoot qad rostladi. U 3,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga barpo etildi.
Peshtoqiga “Zamonaviy sport kurashlari” yozuvi tushirilgan bu binoda murabbiylar hamda ular shogirdlarining toʻlaqonli mashgʻulotlar olib borishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.Bundan sportsevar yoshlar juda mamnun.
-Sportning yakkakurash turlari bilan shugʻullanib kam boʻlmayapman,- deydi shunday yoshlardan biri Ulugʻbek Rashidov.- Viloyat, respublika miqyosida oʻtkazilgan qator nufuzli turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashib, sovrindor boʻldim. Biz, kurashchilar uchun qurilib, foydalanishga topshirilgan ushbu markaz mahoratimizni yanada charxlashda qoʻl keladi, albatta.
Zamonaviy sport uskunalari bilan jihozlangan, koʻrsa havas qilgulik infratuzilma yaratilgan markazda bir vaqtning oʻzida 100 nafardan ziyod oʻgʻil – qiz mashgʻulot olib borish imkoniga ega. Unda qishin – yozin sport bilan shugʻullanish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish va yirik turnirlarga mezbonlik qilish uchun zarur shart – sharoitlar mavjud.

Markazning tantanali ochilish marosimida qatnashgan viloyat hokimi B. Zaripov ushbu inshoot mamlakatimizda navqiron avlodga koʻrsatilayotgan eʼtibor namunasi ekaniga toʻxtalib, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish , xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilar tayyorlash, sport ommaviyligini taʼminlashda bu kabi markazlarning oʻrni kattaligini taʼkidladi.
Marosimda nufuzli musobaqalar gʻolib va sovrindorlariga pul mukofotlari topshirildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring