Spiyekr: Oʻzbekiston tarixiy oʻzgarishlar silsilasida. Yetakchilik — xalqqa xizmat qilmoq demakdir
Haqiqiy demokratiyani taʼminlash uchun tom maʼnodagi xalq hokimiyatchiligini qaror toptirishga qodir, davlat institutlarining inson manfaatlari uchun chinakamiga xizmat qilishini taʼminlay oladigan samarali mexanizmni shakllantirish hozirga qadar muhim vazifa boʻlib qolayotir.
Ilmiy adabiyotlarda siyosiy yetakchi tushunchasiga koʻp taʼriflar berilgan. Ularning barchasida ham bitta maʼno yotadi. Yaʼni siyosiy yetakchilik xalqni xohish-irodasini, manfaatlarini ifodalash, ularni ehtiyojlarini qondirish yoʻlida berilgan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan oʻziga xos faoliyatdir.
Siyosiy jarayonlarda siyosiy yetakchining oʻrni va roli, eng avvalo, uning mamlakatdagi davlat va jamiyat institutlari faoliyatini toʻgʻri yoʻnaltira olishi, pirovard natijada jamiyatni jipslashtira olish salohiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Shu sababli, koʻplab tadqiqotchilar muayyan mamlakatdagi siyosiy islohotlar mohiyatini anglab yetishga urinish asnosida aynan siyosiy yetakchilarning shaxsiy va kasbiy faoliyatlarini tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratadilar.
Ushbu qiyoslar aynan bizning mamlakatimizga ham har tomonlama taalluqlidir. Zero, soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekistonni oʻrganishga boʻlgan qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Xorijiy nashrlarda zamonaviy “oʻzbek konstruksivizmi”, “Oʻzbekistonning tom maʼnoda siyosiy va iqtisodiy ilgarilab ketish” fenomeni toʻgʻrisida koʻplab maqolalar yozilib, yangi Oʻzbekistonning bunday ildamlari adolatli ravishda mamlakatimiz siyosiy yetakchisi — Prezident Sh.M.Mirziyoyev shaxsi bilan bevosita bogʻlanmoqda.
Koʻplab nufuzli ekspertlar, eng avvalo, Oʻzbekiston rahbari siyosiy yetakchi sifatida jamiyatni birlashtirish borasida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlar samaradorligini ijobiy eʼtirof etmoqda. Bu eʼtiroflar Prezidentimizning jamiyatda birdamlikka erishish borasidagi mahorati va salohiyati qanchalik yuksak ekanligini yaqqol namoyon qilmoqda. Siyosiy yetakchi tomonidan milliy davlatchilikning rivojlanish darajasini, tamoyillari, uning oʻziga xos jihatlarini har tomonlama bilmay hamda hisobga olmay turib, bunday samarali boshqaruv salohiyatiga erishib boʻlmaydi. Shu bilan birga yetakchidagi boshqalarda uchramaydigan oʻziga xos noyob ish uslubi, vaziyatni chuqur tahlil qila bilish qobiliyati va uning oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan holatlarni oldindan koʻra bilish mahorati alohida oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshligʻidir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlaydi”. Sh.M.Mirziyoyevning mamlakat Prezidenti sifatidagi faoliyati oʻz konstitutsiyaviy vakolatlarini samarali ado etishi orqali Oʻzbekistonning davlat qurilishi sohasidagi tarixini yangi mazmun bilan boyitdi.
Mamlakatimiz rahbarining xalq hokimiyatchiligi prinsiplariga asoslangan davlat boshqaruvi tizimini tashkil etishda vakillik organlariga alohida eʼtibor qaratib, ularning rolining muhimligiga demokratik tarzda yondashayotganligi natijasida Oʻzbekiston parlamentidagi barcha siyosiy partiyalar bir-birlarining qarashlarini toʻliq anglagan holda joʻshqin faoliyat olib bormoqdalar.
Hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarining oʻzaro samarali hamkorligiga qaratilgan Prezidentimizning saʼy-harakatlari jamiyat taraqqiyotida muhim oʻrin tutayotganligini alohida taʼkidlash lozim. Oʻzbekiston Prezidenti deputatlar korpusi salohiyatini toʻgʻri anglagan holda, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar uchun javobgarlikni Hukumat bilan teng ravishda oʻz zimmasiga olishini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hech ikkilanmay, dadillik bilan taklif etdi.
2016-yilda, yaʼni Sh.M.Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yilidayoq endigina saylangan davlat rahbarini nima uchun eng avvalo, aynan sogʻliqni saqlash tizimidagi holat tashvishga solayotganligini, bu masalaning qanchalik muhimligi va kelajakda uning qanday ulkan ahamiyat kasb etishini koʻpchilik, hatto parlament aʼzolarining oʻzi ham oxirigacha tushunib yetmagan edi. Ochigʻi, oʻsha kezlarda “nahotki hozir Oʻzbekiston uchun bundan ham muhimroq muammolar boʻlmasa?” deya biroz kinoya bilan oʻziga oʻzi savol berganlar ham boʻldi.
Oradan uch yil oʻtib, butun dunyo, jumladan mamlakatimiz koronavirus pandemiyasi dahshati bilan yuzma-yuz kelgandagina Oʻzbekiston Prezidentini bundan qariyb 4 yil avval – 2016-yildayoq bezovta qilgan hamda tashvishlantirgan muammoning mohiyati va ahamiyatini butun xalqimiz, barchamiz toʻliq anglab yetdik.
Agar oʻsha vaqtda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimining izchil ravishda keng koʻlamli isloh qilishga eʼtibor qaratilmaganda, hozirgi vaziyatda yurtimizda roʻy berishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlarning koʻlami qanday boʻlishi mumkinligini tasavvur etish juda ogʻir. Aynan Oʻzbekiston Prezidentining mohirona yetakchilik fazilatlari mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali va sifatli tibbiy yordam olishni taʼminlay oladigan sogʻliqni saqlash tizimidan bahramand boʻlish imkoniyatini berdi.
Agar asrimizning 20-yillari boshida turli mamlakatlarda davlat xarajatlarini maqbullashtirish borasidagi siyosatning mavjud tamoyillarini inobatga oladigan boʻlsak, Oʻzbekiston Prezidentining milliy sogʻliqni saqlash tizimimizni isloh etishga doir tashabbuslari qanchalik ahamiyatga ekanligi yana-da yaqqol namoyon boʻladi. Oʻsha vaqtda ayrim mamlakatlarda ijtimoiy ehtiyojlarga doir xarajatlarni qisqartirish, ijtimoiy sohaning ayrim sektorlarini va birinchi navbatda, tibbiyotni tijoratlashtirish tamoyillari avj oldi. Koʻplab mamlakatlarda tibbiy faoliyat olib boradigan talay muassasalar yopildi, ularning soni qisqartirildi, davlat tibbiyot muassasalarida ishlaydigan tibbiyot xodimlarining maoshlari deyarli “muzlatib” qoʻyildi.
Ana shunday murakkab davrda Oʻzbekiston Prezidenti uzoqni koʻra oladigan dono siyosiy yetakchi sifatida umuman boshqacha yoʻl tutdi. Mamlakatimizda eng avvalo birlamchi tibbiy muassasalar izchil ravishda maqbullashtirildi, chekka hududlardagi bemorlarning respublikadagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari xizmatidan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratildi. Davlat byudjetidan tibbiyotga sarflanadigan xarajatlar miqdori bir necha bor koʻpaytirildi. Tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, ularni eng ilgʻor tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash ishlari sezilarli ravishda oshirish taʼminlandi.
Ayniqsa soha xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatda obroʻsini oshirish, shaʼnini himoyalash borasidagi ishlar, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashga boʻlgan eʼtibor, ularni rivojlangan mamlakatlarga yuborib malakasini oshirish ishlarini tashkil etilganligi bugun oʻzining natijasini koʻrsatmoqda. Oxirgi vaqtlarda matbuotda baʼzi mamlakatlarda tibbiyot xodimlarining pandemiya sharoitida oʻz xavfsizliklarini oʻylab ishdan boʻshab ketish holatlari haqida xabarlar tarqalmoqda. Shukrkim, bizda bunday holatlar kuzatilmadi.
Bugungi murakkab davrda Sh.M.Mirziyoyev oʻzining davlat boshqaruvi jarayonlari borasidagi chuqur amaliy va nazariy bilimlarini, yetakchilik mahoratini, mavjud resurslardan samarali foydalana olish qobiliyatini namoyon etib, hozirdanoq mamlakatimizni erta-indin, koronavirus pandemiyasini yengib faol rivojlantirish uchun dolzarb boʻlgan yangi kun tartibini shakllantirmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan hozirda ilgari surilayotgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashni yana-da mustahkamlashga, iqtisodiyotning agrosanoat sektorini barqaror rivojlantirishga, uni tarkibiy jihatdan diversifikatsiya qilishga qaratilgan tashabbuslar qanchalik muhim ekanligini alohida qayd etishni istardim. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz Prezidenti bugunning oʻzidayoq qishloq xoʻjaligini innovatsiyalarga boy, resurslarni tejashga qaratilgan taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, dunyoda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat inqirozi tahdidlariga qarshi turish va uning eng dahshatli shakli – millionlab insonlarning halok boʻlishiga sabab boʻladigan ocharchilik yuzaga kelishining oldini olishga qodir boʻlgan, rivojlangan milliy ishlab chiqarish tizimini shakllantirish masalalari xususida tinim bilmay ish olib bormoqda. Ayniqsa, aholining oʻziga berilgan tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanishini taʼminlash masalalari mamlakatimiz Prezidentining doimiy diqqat-eʼtiborida turibdi.
Mamlakatimiz parlamenti davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda, ularni amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, oʻtgan soʻnggi kunlarda parlamentimizda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan maxsus dastur qabul qilindi. Deputatlar guruhi tomonidan dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi va quyi palata tomonidan kuni kecha qabul qilindi va Senatga yuborildi
Oʻylaymanki, tomorqa yerlardan samarali foydalanishni taʼminlashga doir tashabbuslarning tub mohiyati va istiqbollarini har tomonlama anglab yetishimiz uchun hammamizga muayyan vaqt talab etiladi. Biroq shuni taʼkidlash joizki, dehqon xoʻjaliklariga va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanuvchilarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik zamirida qishloq joylarda yashovchi oilalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan olijanob maqsad oʻrin olgan. Zero, aholining shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari va dehqon xoʻjaliklarining asosiy xususiyati ularni shakllantirishning oilaviy xususiyatga ega ekanligi bilan belgilanadi. Ular oilalar negizida tashkil etiladi va faoliyat koʻrsatadi. Davlatimiz tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni qoʻllab-quvvatlash orqali amalda oila institutini qoʻllab-quvvatlashning yana bir qoʻshimcha shaklini joriy etmoqda. Bu, hech shubhasiz, qishloq joylardagi aholi daromadlarining darajasiga, oilaviy uy xoʻjaligini mustahkamlashga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.
Mamlakatimiz parlamenti yuzaga kelgan vaziyatning doimiy monitoringi va tahlilini amalga oshirmoqda. Aholi bilan olib borilayotgan doimiy muloqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, hozirgi murakkab vaziyatda jamiyatimizda barqaror amaliy hamjihatlik va Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish yoʻllarini qoʻllab-quvvatlash kayfiyati hukm surmoqda. Xalqimiz oʻzi ishonch bildirgan davlat institutlari faoliyati zamirida xalq manfaatlariga xizmat qilishdek yuksak maqsad yotganligini anglagan holda, ularga toʻliq ishonch bildirmoqda. Ishonchim komilki, yaqin istiqboldagi kelajak mamlakatimiz tanlagan yoʻl va siyosiy yetakchimizning oʻz xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga qaratilgan yoʻli toʻgʻri ekanligiga ishonch hosil qilishimiz uchun sabab boʻladigan yana koʻplab voqeliklarni bizga inʼom etadi.
Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikeri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring