Spiker oʻrinbosari reklamaga oid qonun loyihasi ustida ketayotgan bahslarga oʻz munosabatini bildirdi
Xabaringiz bor, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda reklamaga oid qonun loyihasi ustida bahslar qoʻzgʻaldi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev oʻz munosabatini bildirdi.
"Mavzuga eʼtibor qaratilganidan xursand boʻldik, ammo yondashuv noprofessional, bir yoqlama ekani meni taajjubga soldi.
Xoʻsh, vaziyatga nazar solaylik.
Birinchi qadam
“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasining ijodkori Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boʻlib, tashabbuskor sifatidan Hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Ikkinchi qadam
Belgilangan tartibda loyiha Qonunchilik palatasi muhokamasiga konseptual jihatdan qoʻyildi. Sodda qilib aytganda: “Bizga shu sohani tartibga soluvchi yangi qonun kerakmi?” tarzida masala deputatlar tomonidan muhokama qilindi. Tomonlar oʻz fikrini himoya qilishdi, kutilayotgan natijalar tahlilga tortildi.
Uchinchi qadam
Koʻpchilikning qoʻllovi bilan loyiha “Ha, sohani yana-da rivojlantirish kerak” degan qarorga kelindi, yaʼni konseptual jihatdan qabul qilindi. Boʻldi. Mana shu bosqichdan boshlab biz qonun ijodkorligi nuqtayi nazaridan «Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini moddama-modda, soʻzma-soʻz chigʻiriqdan oʻtkazyapmiz. Chinakam mehnat mana shu oraliqda boʻladi.
Shu oʻrinda, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi toʻgʻrisida shaxsan oʻz takliflarimni tayyorlab qoʻyganman. Shulardan birini ochiqlayman. Loyihaning 18-moddasiga koʻra, yangiliklar toʻgʻrisidagi axborot-tahliliy koʻrsatuvlarda, reklama roliklari va bloklarida, teleradiodasturlarning anonslari va bloklarida homiylik va hamkorlikka yoʻl qoʻyilmaydi degan cheklov berilgan. Ushbu cheklov normasi mutlaqo notoʻgʻri, chiqarib yuborilishi lozim! Soha vakillarini fikriga koʻra agar ushbu norma qabul qilinsa nodavlat telekanallarga yiliga eng kamida 10 mlrd soʻm zarar keltiradi. Kamiga soliqlardan shakllanadigan Respublika byudjeti qisman zarar koʻradi. Bu endi-endi rivojlanayotgan nodavlat tele va radiokanallarni oyogʻiga “bolta urish” degan gap!
Qonun loyihasining 22, 32, 41, 42-moddalari yuzasidan ham pozitsiyam bor.
Bu kabi takliflarni loyiha muhokamasining ikkinchi oʻqishida himoya qilamiz va uddalaymiz, albatta. Ishimiz shu!
Xullas, qonun ijodkorligi protsedurasini tushunmay turib, Qonunchilik palatasi deputatlarining salohiyatini shubha ostiga qoʻyadigan fikr aytilsa juda qiziq tuyularkan.
Masalaning yana bir tarafi hozirgi ochiqlik va oshkoralik davrida oʻz fikrini toʻgʻri va teran bildirayotgan nodavlat telekanallar vakillari va jurnalistlarni ham toʻgʻri tushunish kerak.
Shu oʻrinda, shaxsan men Qonunchilik palatasi faoliyati bilan bogʻliq har qanday masala yuzasidan doim muloqotga tayyorligimni bildiraman.
P.S. “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni haqida keyingi safar batafsilroq yozaman" deya taʼkidlaydi deputat mavzu yuzasidan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring