Soʻzanalarimiz onlayn bozor orqali sotilmoqda
Kashtachilar sulolasidanman. Momolardan meros shu hunar ortidan buvim va onam – Saodat hamda Muhabbat Qoʻchqorovalar el-yurtda obroʻ-eʼtibor topishdi. Ularga havas qilib, ergashib oʻzim ham kam boʻlayotganim yoʻq.
Buxoroga kelgan sayyoh borki, soʻzanalar oldidan befarq oʻtolmaydi. Hayrat bilan tomosha qiladi. Esdalik uchun sotib oladi. Shuni kuzatib bu bebaho sanʼatimizni dunyoga yanada kengroq tanitish maqsadi tugʻildi. Onamning maslahatlari bilan zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalana boshladim. Etsy, Instagram va eBay orqali onlayn savdoga kirishdim.
Qishlogʻim Talijada tayyorlanayotgan kashtachilik buyumlariga Yevropaning Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlari, hatto AQSHdan xaridorlar chiqmoqda. Buyurtmalar koʻp. Ularni risoladagidek ado etish uchun ellikdan ziyod xotin-qizini atrofimizga toʻplaganmiz. Yon-atrofdagi qishloqlarda yashovchi, uyda oʻtirib qolgan ayollarni ham kashtachilikka jalb qilyapmiz. Natijada ularning ham qoʻli pul koʻryapti. Roʻzgʻorlariga qut-baraka kirmoqda.
Yaqinda hayotimda unutilmas voqea roʻy berdi. Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida ishtirok etib, faoliyatim haqida soʻzlab berdim. Prezidentimiz “Kelajakda katta – katta bozorlarda «Aziza qizingizning mahsuloti” degan nomingiz chiqsa, juda minnatdor boʻlardim va shu kunlarga yetishga ishonaman», deya taʼkidladi. Bu iliq soʻzlardan behad quvondim. Shu yuksak eʼtirofga munosib boʻlish uchun kuch-gʻayratim, mahoratimni ayamayman.
Aziza TOJIYEVA,
Shofirkon tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring