“Soya”dan chiqib ishlash yashirin iqtisodiyotga barham berishning yagona yoʻli

20:10 20 Iyun 2024 Jamiyat
254 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. — Tumanimizda 500 ga yaqin katta-kichik issiqxona bor, — deb qoldi suhbatlarimizning birida romitanlik hamkasbimiz Maxfirat Atoyeva. — Egalari issiqxona yumushlarini asosan mardikor ayollarni yollab qildirishadi. Chunki bunday ishlovchilarning mehnati suvtekin. Taassufki, “konvert” usulida ish haqi oluvchi bu ayollarning ish stajini yuritish, salomatligini tiklash, mehnat taʼtiliga chiqarish kabi masalalar muammo boʻlib turibdi.

Maxfirat opaning kuyinchaklik bilan aytgan bu gapi beixtiyor Gʻijduvonda yashovchi tanishlarimizdan birining soʻzini yodga tushirdi. Uning aytishicha, turmush oʻrtogʻi 15-yilcha fermer xoʻjaligida ishlagan.

— Nafaqaga chiqishiga ikki-uch yil muddat qolganida tasodifan xotinimning ismi sharifi fermer xoʻjaligi ishchilari roʻyxatida yoʻqligini bilib qoldik, — deydi u. — Fermer unga ish haqini qoʻldan berib kelgan ekan.

Har bir kishi oʻz haq-huquqini talab qilishi, “konvert” usulidagi maoshdan ziyon koʻrib qolish ehtimoli kattaligini bilishi kerak emasmi?!

— Joylarda boʻlib, shu masalada ish beruvchilarning fikr-mulohazalari bilan koʻp bor qiziqqanman, — deydi Gʻijduvon tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Jasur Tursunov. — Ularning bu borada oʻz vajlari bor. Mana, tamaddixonalarni olib koʻraylik. Oshxonaga u yoki bu kishini rasman ishga qabul qilish vaqtni koʻp oladigan jarayon sanaladi. Shu boisdan tadbirkor oson yoʻlni tanlaydi. ”Konvert” usulini qoʻllaydi. Qolaversa, rasmiylashtirish yumushlari bitgunicha oʻsha odamning ishdan boʻshab ketish hollari ham uchraydi. Shu jarayon davlat xizmatlari agentligi tizimi orqali qisqa muddat ichida, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz bajarilsa ayni muddao boʻlardi.

Gap “soya”da turib ishlash, boshqacha aytganda, yashirin iqtisodiyot haqida ketar ekan, yaqinda respublika ishchi guruhining Gʻijduvonda olib borgan oʻrganishlari natijasini eslash foydadan xoli emas. Tahlillarning koʻrsatishicha, tumanda yashirin iqtisodiyot yalpi ishlab chiqarishning 14 – 17 foizini tashkil etgan.

Tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarga qaraganda, birgina xizmatlar sohasida bu 668 milliard soʻmdir. Aniqlangan manbalarning 4234 holatida 23,8 milliard soʻm mablagʻ qayta hisobga olingan. 987 holatda 14,7 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar undirilgan. Birgina, “konvert” usulida ish haqi berishdan undirilgan mablagʻ miqdori 1,5 milliard soʻmni tashkil etgan. Shuningdek, joriy yilning besh oyida 498 ta korxonada 1073 nafar ishchi faoliyati legallashtirildi.

— Davlatimiz rahbari 31-may – 1-iyun kunlari viloyatimizga qilgan tashrifi chogʻida Gʻijduvonda ham boʻlib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yoʻllarini belgilab berdi, — davom etadi J. Tursunov. — “Yashirin” sharoitda ishlayotgan oilaviy tadbirkorlarni “soya”dan olib chiqish, ularning emin-erkin ishlashlari, ish oʻrinlari yaratishlari uchun infratuzilmani rivojlantirish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Biz shu vazifalardan kelib chiqqan holda “yoʻl xaritasi” asosida 7 ta yoʻnalishda ish olib borayapmiz. Bular yakka tartibda ishlovchi tadbirkorlarni yangidan roʻyxatdan oʻtkazish, faoliyatini moslashtirish, faoliyatlarini tiklash, bino inshootlarni ijaraga berish, tadbirkorlik subyektlarini AOS qatʼiy rejimiga oʻtkazish kabi yoʻnalishlar shular jumlasidan. Birgina, norasmiy faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarni legallashtirish hisobidan byudjetga 950,4 million soʻm miqdorida qoʻshimcha tushum taʼminlanadi.

Tuman toʻrtinchi sektori tomonidan “Mustaqillik” va “Zarangari” mahalla fuqarolar yigʻinlari namuna tariqasida tanlab olinganini ham taʼkidlamoqchimiz. Tahlillar koʻrsatdiki, mazkur ikki hududda ishlab chiqarish obyektlarini qurish va boʻsh binolarni lider tadbirkorlarga ijara asosida berish besh yuzdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi. Bu borada muayyan tajriba bor. Masalan, “Umidaxon liboslari – 777” masʼuliyati cheklangan rahbari Farhod Matyoqubov bilan suhbat oʻtkazilganida, u xonadonida tikuvchilik yoʻnalishida faoliyat olib borayotgani, mahsulotlarining bozori chaqqonligi, ammo sexini kengaytirishi uchun boʻsh bino yoʻqligini bildirdi. Shundan soʻng, mahallaning boʻsh turgan binosining 100 kv.metr qismi tadbirkorga tekin foydalanish huquqi bilan ijaraga berildi. Bankdan 100 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Natijada, mahalladagi 30 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi taʼminlandi.

“Soya”dan chiqqan bu kabi ishbilarmonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash oʻziga munosib ish izlayotgan, xorijiy davlatlarga, qoʻshni viloyat-u tumanlarga borib mehnat qilishga majbur boʻlayotgan koʻplab gʻijduvonliklar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Yashirin iqtisodiyotga barham berish ortidan davlatimiz rahbari alohida taʼkidlaganidek,“Gʻijduvon tajribasi” yuzaga keladi. Zero, aholisi tabiatan ishbilarmon sanalgan bu tumanda imkoniyat va salohiyat benihoya katta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер