“Sovremennik” Moskva teatri Oʻzbekistonda
Poytaxtimizda “Katta gastrollar. Rus teatrlari xorijda” dasturi doirasida Ilm-fan, madaniyat va sport Xayriya jamgʻarmasi koʻmagida tashkillashtirilgan “Sovremennik” Moskva teatrining gastrollari boshlandi. Ushbu gastrol safari Rossiya va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlari hamda madaniy aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Gastrol doirasida OAV vakillari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash Direksiyasi bilan birgalikda matbuot anjumani oʻtkazildi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri va Oʻzbekiston davlat yoshlar teatrida “Uch opa-singil” va “Neformat” spektakllari namoyish etiladi. Maʼlumotlarga koʻra, “Sovremennik” teatri 1970-yilda Oʻzbekistonga gastrol safari bilan kelgan, truppa Toshkent, Buxoro, Samarqand shaharlarida spektakllar namoyish etgan.

Hozirda teatr zamonaviylikka sodiq qolgan holda, klassikada ham uni izlamoqda, yaʼni klassik asar bugungi kunning dolzarb masalasini ochib beradigan boʻlishi lozim. Dastur doirasida 21-noyabr soat 17:00da Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatrida Sergey Garmashning ijodiy kechasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Gastrol safari yurtimizda 24-noyabrgacha davom etadi.
Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring