Somon poyasini yoqish nega zararli?
Foto: Xalq so‘zi
Shu kunlarda mamlakatimizda gʻalla oʻrim-yigʻimi qizgʻin pallaga kirmoqda. Dehqon xirmoni toʻlayotganidan mamnun boʻlayotgan bir paytda ekologiya xodimlarining ham tashvishi ortgan. Ular ekindan boʻshagan maydonlarda somon poyalarining yoqib yuborilishidan xavotirda. Nega?

—Ayrim fermerlar ekindan boʻshagan maydonni tezroq tozalab, takroriy ekin ekishga oshiqadilar, — deydi Andijon viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhammadqodir Toshtemirov. —Somon poyasi sugʻorish ishlariga xalal bermasligi uchun yerga ishlov berilmasidan avval uni yoqib yuborish holatlari ham uchrab turadi. Biroq, fermerlar shuni unutmasliklari kerakki, somon poyalari yoqilishi oqibatida tuproq tarkibidagi foydali mikroorganizmlar nobud boʻlib, yuza qismidagi 30-40 santimetrli unumdor katlam tarkibi buziladi. Natijada gumos miqdori 12, azot miqdori esa 7,5 foizga kamayadi. Somon poya qoldiqlari yonishidan hosil boʻlgan tutun va zararli gazlar atmosferani buzadi. Xullas, bu holatga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bizga rizq ulashib turgan ona yerni zararlashga, havoni ifloslantirishga haqqimiz yoʻq.
Andijonlik gʻallakorlar bu yil 76 ming gektar maydonda bugʻdoy yetishtirdilar. Ayni paytda hosilni yigʻib olish yumushlari avjida. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari xodimlari esa viloyatda mavjud 3000 ta fermer xoʻjaligida boʻlib, yerni qayta ishlashda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xato hamda ularning oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

— Tabiat xiyonatni kechirmaydi,-deydi andijonlik mexanizator Sanjarbek Abdurasulov. — Unga qancha mehr bersang, ardoqlasang, senga shuncha ehtirom koʻrsatadi. Somon poyasining yoqilishi esa yerga, atrof-muhitga katta zarar yetkazishini bilamiz. Bu borada biz, mexanizatorlar ham hushyor boʻlishimiz kerak. Sigaret chekib, qoldigʻini bugʻdoyzorga tashlamaslik, dala chetida oʻt yoqib, choy qaynatmaslik kabi amallarga qatʼiy rioya etishimiz zarur.
Shu kungacha Andijon viloyati gʻallazorlarida somon poyalari yoqib yuborilishi bilan bogʻliq noxush hodisa kuzatilmadi. Biroq bu xotirjamlikka sabab boʻlmaydi. Oldinda oʻrim-yigʻim mavsumidan keyin dala maydonlarini somon poyalaridan tozalash yumushi turibdi. Yaʼni barchasi dehqon-fermerlarimizning masʼuliyatiga, javobgarlik hissiga bogʻliq.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring