Soliqdan qarzingiz bormi?

10:00 25 May 2018 Jamiyat
2440 0

Uni o‘z vaqtida to‘lash barqarorlik garovidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 17 aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning mavjud soliq qarzlarini undirish bo‘yicha muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazilayapti. Ana shunday tadbirlarning biri O‘rta Chirchiq tumanida tashkil etildi.

O‘rtasaroy mahallasida yashovchi Nortoji Xoliqova o‘tgan yili yoz mavsumida yaxshi niyat bilan oshxona ochgan edi. Kuzga kelib savdo hajmi pasayib ketganligi sababli korxona yopildi. Lekin tuman soliq inspeksiyasini ogohlantirish xayolidan ko‘tarildi. O‘tgan vaqt davomida yakka tartibdagi tadbirkorning soliq oldidagi qarzi 1 million 500 ming so‘mdan oshib ketdi. Qarzdorlikni undirish haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo sudining buyrug‘i ijroga qaratildi. Tadbir ishtirokchilari fuqaroning yashash manziliga chiqib, mol-mulkini xatlash jarayonida mavjud qarzdorlik to‘laligicha qoplandi.

Bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan “Xosiyat — Nargiza” fermer xo‘jaligining soliqdan qarzi 10 million so‘mga yaqinlashib qolgan edi. Xo‘jalik rahbari o‘ayrat Ahmedov shu kuniyoq qarzning to‘rtdan bir qismini to‘lab berdi. Qolgan qismini esa bir hafta ichida to‘lashi haqida tilxat yozdi. Ushbu mazmundagi tilxat shu kunning o‘zida 10 million so‘m miqdoridagi qarzidan qutulib, 6 million so‘mga yaqin qarzdorligi qolgan “Kumush tong” fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Muhiddinovdan ham olindi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. O‘rta Chirchiq tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan yil boshidan buyon boqimandalikni qisqartirish bo‘yicha olib borilgan tadbirlar natijasida yuridik shaxslarning salkam 8 milliard so‘mlik qarzining 3 milliard so‘mdan ko‘prog‘i undirildi. Jismoniy shaxslarning yil boshidagi salkam 2 milliard so‘mlik qarzdorligining esa to‘rtdan bir qismi to‘landi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar qarzlarini undirish bo‘yicha ham deyarli ana shunday natijaga erishildi.

Tumanda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda qatnashganlar aksariyat hollarda qarzdorlar e’tiroziga guvoh bo‘ldilar.

Gap shundaki, fuqarolarning soliq oldidagi qarzlari haqidagi ma’lumotlar, bu haqdagi sud hujjatlari aksariyat hollarda joylarga o‘z vaqtida yetib bormayapti. Bu esa, o‘z navbatida, o‘zaro axborot almashish tizimini yanada takomillashtirish, aholi huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini oshirish lozimligini taqozo etadi.
Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Rahmatilla SHERALIYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер