Soliq yuki qancha yengil boʻlsa, iqtisodiyotdagi yashirin aylanma ham shuncha pasayadi

12:56 03 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
1236 0

Yashirin iqtisodiyot mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ziyon yetkazishi bilan birga xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi muvozanatni izdan chiqishiga va halol raqobat muhitining yoʻqolishiga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Iqtisodiyotdagi yashirin aylanmaning avj olishi butun dunyo iqtisodchi va ekspertlarini tashvishga solmoqda. Bundan nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlar balki rivojlangan mamlakatlar ham katta zarar koʻrmoqda.

Mamlakatimizda ham yashirin iqtisodiyot mavjud va uni qisqartirish borasida katta saʼy-harakatlar boshlangan. Xususan, yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni  mamlakatimizda pul-kredit, valyuta, soliq va tashqi savdo siyosati sohalarida tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda hamda investitsiya muhitini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuni ochiq tan olish kerakki, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotning vujudga kelishi soliq yukining yuqoriligi bilan chambarchas bogʻliq. Bu esa albatta, tadbirkorlarni oʻz daromadlarini va ishchi oʻrinlarini soliqdan yashirishiga sabab boʻlmoqda. Albatta, bu holat vijdonli tadbirkorlarning manfaatlariga ham jiddiy putur yetkazyapti. Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan Farmoni esa ana shu muammolarni bartaraf etishda muhim asos boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir.

Xususan, Farmonda qurilish tashkilotlariga ish haqini naqd pulda toʻlash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan muddatli ravishda ishchilar yollashga ruxsat berilgani fikrimizga yaqqol dalil boʻla oladi. Bunda ular har oyda shartnoma tuzmasdan yollangan ishchilarga toʻlangan naqd pul miqdorini koʻrsatgan holda ularning reyestrini davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilib borishi belgilangan. Davlat soliq xizmatlari organlari esa qurilish tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan reyestrlar asosida soliq toʻlovchilarni avtomatik ravishda identifikatsiya qiladi va toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq hisobga olinishini taʼminlaydi.

Bu nimadan dalolat beradi? Bu albatta, soliq toʻlamasdan qurilish tashkilotlarida yollanma ishchi sifatida yashirin tarzda ishlab yurgan kishilarning soni va olgan maoshi soliq xizmati organlarida qayd etilishiga olib keladi. Buning yana bir muhim jihati ham bor. Shartnoma tuzmasdan ishga yollangan shaxslar ish jarayonida baxtsiz hodisaga uchragan taqdirda ularni ijtimoiy himoya qilishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlari normalari tatbiq etilishi ham juda katta ahamiyat kasb etadi.

Yana shuni eʼtirof etish joizki, tadbirkorlarning muammolarini hal etishda, ularga qulay ish sharoitlari yaratishda hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hududlardagi mahalliy hokimliklarning mutasaddi rahbarlari, soliq xizmati organlari va boshqa tegishli nazorat organlari koʻmakdosh boʻlmas ekan, yashirin iqtisodiyotni pasaytirish anchayin qiyin kechadi. Shuning uchun ham Farmonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha maxsus komissiya va joylarda hududiy komissiya ish faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ular tomonidan tekshiruvlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash masalalari belgilab qoʻyilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish masalalarini faqat Farmon asosida tuziladigan maxsus komissiya va viloyatlarda faoliyat boshlaydigan hududiy komissiya vakillari zimmasiga yuklab qoʻyish bilan maqsadga erishib boʻlmaydi. Iqtisodiyotimizga jiddiy ziyon yetkazayotgan bu yashirin pul aylanmasini pasaytirishda keng jamoatchilik, deputatlar va turli soha vakillari ham oʻzining munosib hissasini qoʻshishi lozim. Chunki yashirin iqtisodiyot qancha pasaysa, mamlakatimiz iqtisodiyoti shuncha kuchayadi. Yurtimizning gullab-yashnashiga, biz qurayotgan Yangi Oʻzbekiston sari dadil qadam tashlashimizga asos boʻladi.

Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер