Soliq qonunchiligidagi oʻzgarishlar tadbirkorga qanday naf beradi?
Namangan shahrida soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan amaldagi qonunchilikka kiritilgan oʻzgarishlar mohiyatiga bagʻishlab tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan oʻtkazilgan muloqot qatnashchilariga bu haqda atroflicha tushuncha berildi.
Taʼkidlash lozimki, viloyatda tadbirkorlik va kichik biznesga yaratilgan qulay shart-sharoit hamda imkoniyatlar sohaning muttasil oʻsishini taʼminlamoqda. Buni jumladan, hozirgi kunda viloyat boʻyicha 31 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatib, ular tomonidan amalga oshirilayotgan toʻlovlar mahalliy byudjet tushumining 56 foizini tashkil etayotgani misolida ham kuzatish mumkin.
Tadbir avvalida yigʻilganlarga soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilgan qoʻshimchalar, sohadagi yangiliklar aniq amaliy misollar bilan izohlandi. Bunda kameral soliq tekshiruvlari, foyda, QQS va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻzgarishlarning har biriga alohida toʻxtab oʻtildi. Masalan, kodeksning kameral soliq tekshiruvlari toʻgʻrisidagi 138-moddasi yangi ikkinchi qism bilan toʻldirilgan. Unga koʻra, tekshiruv jarayonida soliq toʻlovchining hududiga kirish va binolarni koʻzdan kechirish, hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish, soliq toʻlovchining hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish taʼqiqlangani belgilandi. Boshqa qator oʻzgarishlar sharhi ham ishtirokchilarni befarq qoldirmadi.
— 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 1-yanvarga qadar mikrofirma va kichik korxonalar tomonidan yaratilgan har bir ish oʻrni uchun oylik ish haqi boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining 50 foizi respublika byudjetidan ish beruvchiga qaytarib berilishi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasini 50 foizga kamaytirgan holda qoʻllanilishining belgilab qoʻyilganligi koʻnglimizdagi ish boʻldi, — deydi Namangan shahridagi “Usta savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobchisi Abdurahmon Vahobov. — Bu, ayrim tadbirkorlik subyektlarida odat boʻlib qolgan ishlovchilar sonini sunʼiy ravishda kamaytirish bilan bogʻliq salbiy harakatlarga barham berishi bilan ayniqsa, ahamiyatli.
Muloqot qatnashchilari tadbir davomida oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga mutaxassis va ekspertlar tomonidan batafsil javob oldilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring