Soliq kodeksiga kiritilgan ayrim oʻzgartirishlar yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda
Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimining tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning eng muhim shartlaridan hisoblanadi.
Xuddi shu maqsad bilan, “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining 891-sonli Qonuniga asosan, Soliq kodeksiga ayrim oʻzgartirishlar kiritildi.
Ayni kunlarda ushbu Qonunga asosan, Soliq kodeksining 46 ta moddasiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyatini soliq toʻlovchilarga yetkazish uchun joylarda targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Xususan, poytaxtimizning Olmazor tumanida Soliq qoʻmitasi hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasi masʼullari va mutaxassislari tomonidan joriy yilning 18-yanvar kuni 2024-yildan soliq siyosatiga kiritilgan yangiliklar yuzasidan 100 nafarga yaqin tadbirkorlarga maʼlumot berildi.

2024-yilning 1-yanvaridan boshlab kuchga kirgan mazkur Qonunda joriy yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanib, bunda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida biznes yuritishni soddalashtirish, soliq yukini kamaytirish yuzasidan belgilab berilgan topshiriqlari, xususan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga soliq solish tartibini takomillashtirish, qoʻshilgan qiymat soligʻi zanjirining uzluksizligini taʼminlash, tabiiy boyliklardan samarali va oqilona foydalanish kabi jihatlar nazarda tutilmoqda.
Seminarda, eng avvalo, ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash uchun foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlari toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori avval 5 mlrd. soʻm boʻlgan boʻlsa, endilikda 10 mlrd. soʻm etib belgilanganligi taʼkidlandi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplashda oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvidan tashqari, kameral soliq tekshiruvlarida soliq toʻlovchining hududiga kirish, hududini koʻzdan kechirish, hujjatlarni talab qilish va uni chaqirtirish, hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish taqiqlangani, shuningdek, Yuridik shaxslar va YTTlarga kameral soliq tekshiruvi natijasida qoʻshimcha hisoblangan soliqlarni 6 oy mobaynida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi berilganligi boʻyicha batafsil tushunchalar berildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati 5-yildan 3-yilga qisqartirilganligi barcha uchun birday yaxshi yangilik boʻldi.
Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari oʻzgargani ham hududlar kesimida maʼlum qilindi.
Yana bir ahamiyatga molik jihat shundaki, ota-onalarga farzandining taʼlim olishiga kontrakt uchun toʻlagan toʻlovlariga nisbatan qoʻllaniladigan imtiyoz farzandining yoshi 26 yoshdan oshgan taqdirda ham qoʻllanilishi belgilandi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan yoʻllangan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berilib, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlar aks etgan maxsus qoʻllanmalar tarqatildi.
Xulosa qilib aytganda, qonunchilikdagi bunday oʻzgarishlar biznes muhitini yaxshilab, tadbirkorlikka yanada keng yoʻl berish, ularning erkin va samarali faoliyat yuritishlarini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring