Sohibqiron Amir Temur tugʻilgan qishloq
Xoʻjailgʻor qishlogʻi Yakkabogʻ tumanining janubi-gʻarbiy qismida, “Qarshi – Kitob” avtomobil yoʻli boʻyida joylashgan. Qishloqning nomi mashhur arab sarkardasi Qutayba Ibn Muslimning lashkarboshilaridan biri Xoʻja Ilgʻor nomi bilan bogʻliq. Bu haqida koʻplab rivoyatlar mavjud.
Ulardan birida aytilishicha, xalifa Hazrat Umar al-Hattob zamonida abbosiylar Oʻrta Osiyoga islom dinini yoyishga ahd qiladi. Bu ishga masʼul etib sarkarda Qutayba Ibn Muslim tayinlanadi. 706-yili Qutayba oʻz lashkarlari bilan Oʻrta Osiyoga yoʻl oladi. 717-yilda Kesh bekligi atrofida janglar boʻlib oʻtadi. Jangda Qutaybaning mohir lashkarboshilaridan biri Xoʻja Ilgʻor ogʻir yaralangan.
Shundan soʻng Xoʻja Ilgʻor ota sahobalarga “Qilichim qayerga tushsa, meni oʻsha joyga dafn etasizlar”, deb aytadi va qilichini uloqtiradi. Qilich shu atrofdagi bir joyga kelib tushadi. Ammo bu yerda suv boʻlmaydi. Shunda Xoʻja Ilgʻor ota hassasini yerga urgan zahoti suv otilib chiqadi.

Yana bir rivoyatga koʻra, jangda yarador boʻlgan Xoʻja Ilgʻor ota oʻz sahobalariga «Meni tuyamga ortinglar va u qayerda toʻxtasa, oʻsha yerda dafn qilinglar«, deya vasiyat qilgan. U kishining tuyasi shu qishloqqa kelib toʻxtagach, uni yuvish uchun suv zarur boʻladi. Shunda uning qilichini yerga sanchishganda, buloq hosil boʻladi. Hozir ushbu qishloqda joylashgan tarixiy qabristonning oʻrtasida katta qabr boʻlib, bu Xoʻja Ilgʻor otaning qabriligi aytiladi.
Chillabuloq, ayrim manbalarda Qoʻtirbuloqdan hozir ham suv chiqib turibdi. Buloq suvi ichish uchun yaroqsiz, biroq bir qancha yara-chaqalarni davolashda foydasi katta.
— Qadimda mana shu qabriston atrofida katta qoʻrgʻon boʻlgan, — deydi qishloq faollaridan biri Abdusamadxon Toʻraxoʻja oʻgʻli. — Uning hududi 14 gektarni tashkil etgan. Hozir ham qoʻrgʻon devorlarining maʼlum qismlari saqlanib turibdi. Tepalik pastida yer osti yoʻli ham bor. Kirish joylari koʻmilib ketgan, ichkariga kirishning imkoni yoʻq. Xoʻjailgʻor qishlogʻining dongʻi faqat shu bilan cheklanmaydi. Bu yer buyuk bobokalonimiz, sohibqiron Amir Temur tugʻilgan joy sifatida ham mashhur.

Rivoyatlarga koʻra, Amir Temurning dunyoga kelishi va Movarounnahrda moʻgʻullar hukmronligiga barham berishi munajjimlar tomonidan bashorat qilingan. Shu bois Kesh yaqinidagi qishloqlarda yashaydigan barcha homilador onalar moʻgʻullar tomonidan qilichdan oʻtkazila boshlanadi. Shunda Sohibqironning volidasi Tekina xotin Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi chetidagi qamishzor ichiga yashirinadi. Amir Temur shu yerdagi quduq yaqinida tugʻiladi. Keyinchalik bu quduq yaponiyalik arxeologlar tomonidan qadimiy xaritalar asosida axtarib topilgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, quduqning suvi juda shifobaxsh boʻlib, uning tarkibida inson organizmi uchun foydali boʻlgan 17 xil element mavjud.
Qishloqdagi Amir Temur nomi bilan bogʻliq ashyolardan yana biri ogʻirligi 100 kilogrammga yaqin boʻlgan yirik xarsangtoshdir. Temur bobomiz yoshligida ushbu toshni koʻtarib mashq qilgan. Hozir ham Xoʻja Ilgʻor ota maqbarasini ziyorat qilish, chillabuloq suvidan shifo topish, qolaversa, Amir Temur bobomizning nomi bilan bogʻliq eski quduq, “Polvontosh” kabi obidalarni tomosha qilish uchun har kuni qishloqqa yuzlab ziyoratchilar kelishadi.

Biroq bugungi kunda qishloqning sayyohlik salohiyatidan toʻliq foydalanilayotgani yoʻq. Qishloqning bahavo, soʻlim goʻshada, qolaversa, sayyohlar kelishi uchun qulay – “Qarshi – Kitob” avtomagistrali boʻyida joylashgani bu yerni turistik yoʻnalishlardan biriga aylantirish imkonini beradi. Bir necha marotaba bu loyiha turli dasturlarga, yoʻl xaritalariga kiritildi. Ammo bu ishlar oʻz holicha qolib ketdi.
Zero, sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilsa, mehmonxona, transport, savdo va boshqa shu kabi zarur xizmatlar yoʻlga qoʻyilsa, Xoʻjailgʻor qishlogʻi ham gavjum turistik manzillardan biriga aylanishi muqarrar.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring