Sogʻlom raqobat bor joyda rivojlanish boʻladi
28-may kuni Prezidentimiz raisligida iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilingan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Lekin bir qator yoʻnalishlarda raqobat muhiti shakllanib boʻlgan 19 xil mahsulot va xizmatlar boʻyicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestridan chiqarish belgilangan.
– Raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmaydi, narx tushmaydi. Zamon oʻzgaryapti, lekin monopol korxonalar oʻzgara olmayapti. Qatʼiy choralar koʻrish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib boʻlsa, ishlaydi, boʻlmasa – ketadi, – dedi Prezidentimiz yigʻilishda.
Dunyo tajribasidan maʼlumki, monopoliyadan chiqarish, raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha yakdil yoʻnalish boʻlsagina davlat rivojlanadi. Yurtboshimiz tomonidan raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish lozimligi taʼkidlandi. Xususan, biznes va tadbirkorlik oliy maktabida monopol korxonalarning rahbarlari va hokimlar uchun raqobatni rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish, oʻquv jarayoniga xalqaro moliya tashkilotlaridan ekspert va professor-oʻqituvchilarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar ham batafsil tahlil qilindi. Oʻtgan yilda isteʼmolchilardan tushgan 11 mingdan ortiq shikoyatlarning 50 foizi kommunal va transport, 25 foizi savdo, qolgan 25 foizi aloqa, moliyaviy xizmatlar va boshqa sohalarga oid. Bunga asosiy sabab – monopol korxonalar oʻz manfaatiga moslab hujjatlar ishlab chiqqan boʻlib, ularda isteʼmolchilar manfaati toʻliq inobatga olinmagan. Kelgusida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirish muhim.
Jahon bozorida raqobat tobora avj olib borayotgan bir sharoitda alohida mintaqalar yoinki davlatlar iqtisodiy tizimi qanday rivojlanishini oldindan bashorat qilish tobora mushkullashmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda mamlakatlar taraqqiyoti barqarorligi hamda fuqarolar farovonligini taʼminlaydigan innovatsiyaning ahamiyati yana-da ortadi. Shu sababli ham jahonning koʻplab taraqqiy etgan davlatlari innovatsion iqtisodni oʻzlarining asosiy strategik maqsadlari sifatida eʼtirof etmoqda. Zero, aynan innovatsion iqtisod mukammal tashkil etilgan boʻlsa, ishlab chiqarish hajmi oshadi.
Ulugʻbek FAYZIYEV, Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring