Sogʻinch ham ulugʻ tuygʻu ekan
Foto: “Xalq soʻzi”
Toʻrt nafar farzandim — ikki oʻgʻil va ikki qizning onasiman. Qizlarim turmushga chiqib, bola-chaqali boʻlib ketishgan. Oʻgʻillarimning toʻngʻichini yaqinda uylantirdim.
Mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan sharoitlar uchun ming bor shukur qilaman. Bugun ular oʻqisa, intilsa, astoydil harakat qilsa, qoʻlini qayoqqa uzatsa oʻsha yerga yetadi.
Bizning yoshlik davrimizda bunday imkoniyatlar haqida tasavvur ham qilolmaganmiz. Sharoit va imkoniyatimiz boʻlmagani bois turmush oʻrtogʻim ham, men ham faqat kollejda oʻqidik, xolos. Oliy oʻquv yurtiga kirolmadik. Ammo oʻshanda farzandlarimizni albatta oʻqitamiz, deb niyat qilgan edik.
Orzularimiz amalga oshib, hozirda farzandlarimning uch nafari uzoq xorijda. Kichik qizim oilasi bilan yetti yildan buyon AQSHda yashaydi. Oʻgʻillarimning ikkalasi ham 4 yildan beri Janubiy Koreyada taʼlim olishyapti. Faqat katta qizim shu yerda – oilasi bilan bizga yaqin yashaydi.
Olti nafar nabiram bor. Bugun mendan badavlat inson yoʻq. Faqat bolalarimni sogʻinaman, bagʻrimga bosishni xohlayman. Shukurki, bugungi davrdagi rivojlangan aloqa vositalari bu sogʻinchni ham qisman boʻlsada qondiryapti. Telefon orqali xorijdagi jigarlarim bilan har kuni bir necha bor diydorlashaman.
Ammo har safar “omon boʻlinglar, koʻrishguncha” deya xayrlashar ekanman, qalbimda sogʻinch paydo boʻladi. Ammo ularni kelajakda yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshadigan malakali mutaxassislar boʻlib qaytishini oʻylasam, qalbim taskin topadi. Bugungi sharoitlardan foydalanib, yurt kezsin, dunyoni koʻrishsin, deya qoʻlimni duoga ochaman.
Yuksak tafakkur va keng dunyoqarashga ega bunday yoshlar timsolida jonajon Oʻzbekistonimizning yorqin kelajagini tasavvur etaman. Ishonamanki, yangi avlod vakillari mamlakatimiz dovrugʻini jahon hamjamiyatidagi obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borishiga xizmat qilishdan aslo charchashmaydi.
Nargiza JOʻRAYEVA, Samarqand viloyati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring