Sobiq jamoa va shirkat xoʻjaligida ishlagan pensionerlarning nafaqasi qayta hisoblanishi kerak
Mamlakatimizda pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, umuman, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Bu muhim yoʻnalishda Prezidentimizning Farmon va qarorlari asos boʻlmoqda.
“Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan 1-sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirilishi belgilandi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha ushbu farmon 2,5 trln. soʻmlik chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Buning natijasida 2 mln 800 ming nafar keksa yoshdagi pensionerlar va 700 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar pandemiya paytida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bugungi kunda Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish Konsepsiyasi loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.
Tizimda olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, eski muammolar ham saqlanib qolmoqda, bundan ehtiyojmand kishilar manfaatlariga ziyon yetmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzolariga mazkur yoʻnalishda boʻlayotgan fuqarolarning murojaatlari tahlil qilinganda keksa yoshdagi fuqarolarga pensiya tayinlashda maʼlum maʼnoda adolatni tiklash kerakligini koʻrsatyapti.
Xususan, sobiq jamoa xoʻjaligi va davlat xoʻjaliklarida ishlab, pensiyaga chiqqan shaxslarga nafaqa tayinlashda adolatsizliklar boʻlganligi, boshqa soha xodimlariga nisbatan ular kam pensiya olayotgani eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasida “1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xoʻjaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xoʻjaligi aʼzosi uzrsiz sabablarga koʻra jamoa xoʻjaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan boʻlsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, qishloq xoʻjaligining sobiq tuzilmalari (jamoa xoʻjaligi, davlat xoʻjaligi va shirkat xoʻjaligi) da mehnat faoliyatini 2005-yilga qadar yuritgan fuqarolarning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi (har yilgi mehnat minimum qarorlari) maʼlumotlari aksariyat hollarda arxiv saqloviga topshirilmagan yoki umuman belgilanmagan.
Buning natijasida, mamlakatimizdagi qishloq xoʻjaligida ishlagan minglab fuqarolarga kam miqdorda pensiya tayinlangan. Vaholanki, ular faoliyatining asosiy davrini dalada oʻtkazgan. Endi ular kuchdan qolganda boshqalarga nisbatan ancha kam pensiya olishi ijtimoiy adolatga, insongarchilikka toʻgʻri kelmaydi.
Bu muammoni hal etish maqsadida Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari boʻlgan bir guruh deputatlar “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunning 37-moddasiga tegishli oʻzgartirish kiritish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Qishloq xoʻjaligining sobiq tuzilmalarida faoliyat yuritgan fuqarolarning mehnat stajini hisoblash boʻyicha MDXga aʼzo davlatlar tajribasi oʻrganildi.
Oʻrganishlar koʻrsatmoqdaki, Rossiya Federatsiyasi, Belorus va Qozogʻiston Respublikalari qonunchiligida bunday fuqarolarning mehnat stajini hisoblashda mavsumiy ish davri bir kalendar yil sifatida inobatga olinishi belgilangan. Shuning uchun ularga munosib, adolatli miqdorda pensiya hisoblanishida ortiqcha toʻsiqlar mavjud emas.
OʻzXDP deputatlari qonunchiligimizga taklif etayotgan oʻzgartirish ijtimoiy himoya, huquq muhofazasi bilan bogʻliq adolatni tiklashga xizmat qiladi.
Bobur Mirzo TOʻXTAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Devoni masʼul xodimi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring