Sirdaryodagi “Qoʻybotgan” kollektori taʼmiridan soʻng 1600 gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Guliston tumanidagi 83 kilometrlik “Qoʻybotgan” kollektorini taʼmirlash va tiklash ishlarining birinchi bosqichi tugallandi.
Mazkur tarmoqning toʻliq taʼmiridan soʻng tuman hududidagi 1600 gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi. Bir necha yuz gektardagi oʻrta shoʻrlanish hamda sizot suvlarning yer yuzasiga yaqinligi bartaraf etiladi va kollektor atrofidagi barcha ekin maydonlaridan yuqori hosil olish imkoniyati yaratiladi.

— Hozirgacha kollektorning 42,42 kilometr qismida taʼmirlashni tugatdik, — deydi Qoʻyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qurilish–taʼmirlash ishlari bosh mutaxassisi Gʻofurjon Oqjigitov. — Joriy yilda 852 kilometr kollektorni taʼmirlash belgilangan edi. Hozirgacha 810 kilometrida ayni ish nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, 216 ta meliorativ tik drenaj quduqlardan 204 tasi soz holatga keltirildi. Sirdaryo tumanidagi 100 kilometrlik “Shoʻroʻzak” tumanlararo kollektorini tizimli taʼmirlash – tiklash ishlari ham tugallanish arafasida.
Sirdaryo viloyatida meliorativ inshootlarni taʼmirlash- tiklash boʻyicha 2023-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar toʻliq bajarilgach, 25 ming gektar ekin maydonining unumdorligi oshishi kutilmoqda. Eʼtiborlisi, shu kunlarda Qoʻyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kollektorlar chetiga koʻchatlar ekilib, mevali va manzarali bogʻlar ham yaratilayotir.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring