Sirdaryoda “Oʻzbekiston — Markaziy Osiyo — Xitoy iqtisodiy-madaniy forumi” boʻlib oʻtdi

12:35 26 Avgust 2024 Jamiyat
262 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Guliston shahrida oʻtkazilgan mazkur anjumanda Qozogʻiston, Tojikiston va Xitoy davlatlari delegatsiyalari aʼzolari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, shuningdek, 500 nafardan ziyod mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar vakillari qatnashdi.

Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ushbu forum Markaziy Osiyo va Xitoy ishbilarmonlari oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Beybut Atamboyev mazkur iqtisodiy forumning Markaziy Osiyo davlatlarining chegaraoldi hududlaridagi viloyatlari oʻrtasida iqtisodiy-madaniy aloqalarni yanada kuchaytirish va faollashtirishda katta ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etdi.

Qayd etildiki, keyingi 4-yilda Sirdaryo viloyati, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 5 barobar oʻsdi. Joriy yilning oʻtgan yetti oyi davomida hududlarning savdo aylanmasi hajmi 2023-yilning mos davri bilan solishtirilganda 120 foizga oshib, 300 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Soʻnggi vaqtlarda boʻlib oʻtgan delegatsiyalar almashinuvi, yuqori darajada oʻrnatilgan ochiq, konstruktiv va faol muloqotlar natijasida umumiy 300 mln AQSH dollarilik 70 ga yaqin yangi loyihalarga qoʻl urildi.

Forum davomida 20 dan ortiq tadbirkorlik yoʻnalishi boʻyicha 350 turdagi mahsulot va xizmatlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Unda oʻzlarining taqdimot materiallari bilan ishtirok etgan sirdaryolik tadbirkorlar mehmonlarni viloyatning iqtisodiy salohiyati bilan tanishtirdi.

Bundan tashqari, ishbilarmon doiralarning “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar natijasida bir qancha investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.

Forum doirasida Sirdaryoning gastronomik salohiyatini oshirish va turistik brendini tanitish maqsadida “Qovun sayli” festivali ham boʻlib oʻtdi. Shuningdek, milliy va jahon oshxonalarining mahorat darslari, oshpazlar bellashuvlari, milliy madaniy markazlar, folklor jamoalarining chiqishlari oʻtkazildi.

Eʼtiborlisi ushbu forum dasturidan madaniy tadbirlar ham oʻrin olgan. Guliston shahridagi Amfitetarda sirdaryolik sanʼat ustalari, Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati davlat filarmoniyasi, Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyatining “Navoi chavidoni” folklor ansambli tomonidan tayyorlangan gala-konsert namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер