Sirdaryoda inklyuziv auksion oʻtkazildi

11:36 22 Mart 2026 Jamiyat
280 0

Sirdaryoda bu yilgi Navroʻz yana bir xayrli va ibratli ish bilan boyidi. Asosiy tantana boshlanishi arafasida Guliston shahridagi istirohat bogʻida oʻtkazilgan inklyuziv xayriya auksioni bayramga alohida shukuh va mazmun bagʻishladi.

Aytish lozimki, auksion ezgulik va mehr-oqibat maydoniga aylandi. Unda yosh ijodkorlarning qoʻl mehnati namunalari — kartinalar, dekorativ buyumlar va sanʼat asarlari namoyish etildi. Har bir asar ortida mehnat, sabr va katta orzu mujassam. Ana shu ijodiy mehnat mazkur auksionda oʻzining munosib qadrini topdi.

Gap shundaki, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun bu tadbir oʻzini namoyon qilish, oʻz ovozini eshittirish uchun katta imkoniyat boʻldi. Auksionda ularning jami 86 ta ijodiy asari savdoga qoʻyilib, 562 mln. soʻm mablagʻ jamlandi.

Auksion jarayoni qizgʻin va samimiy ruhda oʻtdi. Mehmonlar har bir asarni xarid qilish orqali nafaqat sanʼatni qadrladi, balki har bir bolaning taqdiriga befarq emasligini namoyon qildi.

Maʼlum qilinishicha, yigʻilgan mablagʻ ogʻir xastalik bilan kurashayotgan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

Muhimi mazkur auksion shunchaki tadbir emas, balki umidni uygʻotgan, ishonchni mustahkamlagan, insoniylikni namoyon qilgan ezgulikka toʻla qalblar bayrami boʻldi.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi“.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер