Sirdaryoda chegaradosh davlatlar iqtisodiy-madaniy forum boʻlib oʻtdi

23:10 29 Avgust 2023 Jamiyat
620 0

Foto: Xalq soʻzi

Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston davlatlarining Sirdaryo bilan chegaradosh viloyatlari oʻrtasidagi iqtisodiy-madaniy aloqalari koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan forumda mazkur hududlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, oʻrta va yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 15 ming nafardan ziyod qozoq, 80 ming nafarga yaqin tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilib kelmoqda. Shu bilan birga viloyatdagi mavjud 314 ta maktabning 6 tasida tojik, 1 tasida qozoq tilida taʼlim beriladi.

Forumda mahalliy va qoʻshni mamlakatlarning 200 ga yaqin yetakchi ishbilarmonlari, diplomatik korpus vakillari hamda rasmiylar ishtirok etdi. Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev qoʻshni davlatlarning chegaradosh hududlari bilan oʻzaro madaniy, savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanayotganini taʼkidladi.

Xususan, hozirgacha Sirdaryo viloyatiga Qozogʻiston va Tojikiston respublikalari tadbirkorlari tomonidan 80 million AQSH dollaridan ziyod investitsiyalar kiritilgan boʻlib, 20 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan. Bundan tashqari, har oyda Qozogʻiston va Tojikistonning Sirdaryo bilan qoʻshni boʻlgan hududlaridan oʻrtacha bir yarim ming bemor davolanish maqsadida Guliston shahriga tashrif buyurmoqda.

2023-yilning oʻtgan davrida Sirdaryo viloyatining ushbu ikki mamlakat bilan oʻzaro tovar aylanmasi 136,2 million AQSH dollarini tashkil qildi. Oʻtgan 2022-yilda 38 million AQSH dollarlik mahsulotlar (ip-kalava, teri, poliz, dukkakli oʻsimliklar va keramik plitkalar, tibbiy vositalar) ushbu davlatlarga eksport qilindi. 2023-yil yakuniga qadar esa eksport hajmini 60 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xususan, Sirdaryo viloyatidagi biznes muhiti, sarmoya kiritish istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Mehmonlar viloyatda ishlab chiqarilayotgan 350 dan ortiq turdagi sanoat, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari koʻrgazmasi bilan ham tanishdi.

Forum doirasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar oʻtkazilib, ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni atroflicha muhokama qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlangan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, qovun sayli, gastronomik koʻrgazma, qardosh millatlar vakillari ishtirokida badiiy kechalar tashkil qilindi. “Laylaklar oʻlkasi” nomli tasviriy sanʼat namunalari namoyishi, “Sirdaryo — kecha, bugun, ertaga” mavzusidagi koʻrgazmali tadbirlar boʻlib oʻtdi. Toʻra Sulaymon nomidagi amfiteatrda Sirdaryo viloyati tashkil etilganining 60 yilligiga bagʻishlangan teatrlashtirilgan musiqali konsert dasturi namoyish etildi.

Forumning ikkinchi kuni mehmonlar Sirdaryo tumanidagi qoʻshma korxonalar faoliyati bilan tanishdi, soʻngra viloyat musiqali drama teatrida “Shiroq” spektakli va amfiteatr maydonida “Qardosh xalqlar doʻstligi” nomli konsertni tomosha qildilar.

                                              Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер