Sirdaryoda bogʻdorchilik sanoatlashgan tizimga oʻtkazilmoqda

12:04 08 Aprel 2026 Jamiyat
221 0

Sirdaryo viloyatida bu yil bogʻdorchilikda katta burilish boʻlishi kutilayotir. Gap shundaki, ushbu soha sanoatlashgan intensiv tizimga oʻtkazilmoqda. Ayni maqsad yoʻlida joriy yilda 2000 gektar yangi intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etilmoqda.

— Tahlillar shuni koʻrsatdiki, viloyatdagi mavjud bogʻlarning aksariyati maʼnaviy eskirgan va kutilgan hosilni bermayapti, — deydi Agrosanoatni rivojlanish agentligi Sirdaryo viloyati boʻlimi boshligʻi Akmal Qultoyev. — Shu bois, ayni paytda asosiy urgʻu sifat va yuqori hosildorlikka qaratilayotir. Ilgari koʻchat ekish faqat erta bahor yoki kech kuz bilan cheklangan boʻlsa, bugun viloyatimizda bu boradagi agrotexnologiyalar oʻzgardi. Endilikda yil davomida bogʻ yaratish imkoniyati mavjud. Xususan, aprel oyida ham, koʻchat ekish toʻxtagani yoʻq. Gap shundaki, yopiq ildizli koʻchat tayyorlash texnologiyasi tufayli aprel tugul boshqa issiq oylarda ham nihol ekib, uni amal oldirish mumkin boʻlayotir. Shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimi natijasida ham endilikda yil davomida bogʻ barpo etish imkoniyati yaratildi.

Aytish lozimki, yaqinda ayni masalaga bagʻishlangan yigʻilishda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bogʻdorchilik faqat koʻchat ekishdan iborat boʻlmasligi kerakligini taʼkidlab, soha mutasaddilariga endilikda har bir tumanda “Ishlab chiqarish-saqlash — qayta ishlash — eksport” tamoyili asosida yaxlit zanjir yaratilishi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер