Sinovli damlarda ish surʼati bir muddat ham tushirilgani yoʻq

10:02 23 Aprel 2020 Iqtisodiyot
1389 0

Koronavirus pandemiyasining asoratlari jonajon Oʻzbekistonimizni ham chetlab oʻtmadi. Davlatimiz rahbari boshchiligida pandemiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish, odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infeksiyaning tarqalishini jilovlash, bofatdan xalqimizni asrash boʻyicha taʼsirchan choralar oʻz samarasini bermoqda.

Bugun hammamizdan ushbu xavf-xatarning oqibatlarini chuqur his etib, masʼuliyat bilan pandemiyaga qarshi birgalikda kurashish, qoʻyilayotgan talablarga qatʼiy rioya etish, zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmasdan uyda qolish talab etiladi. Zero, mamlakatimizda, dunyo davlatlarida vaziyat hamon qaltislashib, ehtiyotkorlik choralari doimiy eʼtiborimizda boʻlishi va karantin rejimiga rioya etishimiz bilan nainki oʻzimiz balki oʻzgalarning hayotini xavf ostiga qoʻymaslikning yagona yoʻli boʻlib qolmoqda.

Shak-shubhasiz, bu ofatning kirib kelishi va davom etayotgani nafaqat odamlarimiz hayotiga xavf solibgina qolmay, iqtisodiyot tarmoqlariga ham oʻz taʼsirini koʻrsatishi tayin. Buni, ayniqsa biz ishlab chiqarish tarmoqlari vakillari chuqur his etishimiz, ish surʼatini bir muddat ham tushirmasdan, bor shijoatimiz bilan ushbu sinovli davrda fidoyiligimizni namoyon etishimiz kerak. Bu, xalqimiz, davlatimiz oldidagi har birimizning muqaddas fuqarolik burchimiz va majburiyatimizdir.

Ayni shu tashvishli kunlarda ham yurtimizning kuch-qudrati oʻsishida, uning ravnaqi va salohiyati yoʻlida samarali natijalarga erishib kelayotgan NKMK Markaziy kon boshqarmasining 30 ga yaqin boʻlinmalarida 17,5 ming nafardan ortiq malakali mutaxassis, ishchi-xodimlari bu masalaga jiddiy yondashib, birdamlikda ishlamoqdalar. Buning natijasida oʻz faoliyatlarini yangi bosqichlarda yuksaltirib borayotgan mehnatkash jamoa ishlab chiqarish va bunyodkorlikdagi ulkan yutuqlar va muvaffaqiyatlar bilan yuqori koʻrsatkichda ish olib borayotir. Joriy yilning birinchi choragi koʻrsatkichlari jamoamizning sermahsul va samarali faoliyat yuritayotganidan dalolat beradi. Respublikamiz xazinasiga oltin yetkazib berish buyurtmasi oʻtgan yilning birinchi choragiga nisbatan 100,5 foizni tashkil etdi. Kumush ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli darajada ortdi. Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” boʻyicha olib borilgan ishlar natijasiga koʻra mahsulot ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish 102,9 foizga bajarildi. Bunda, energoresurslar isteʼmolini qisqartirish, xom-ashyo va materiallardan samarali foydalanish, texnologik jarayonlarda yoʻqotishlarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish yoʻli bilan va boshqa ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hisobiga ancha mablagʻ tejalishiga erishildi. Shu bilan birgalikda boshqarmamiz tomonidan umumiy tovar ishlab chiqarish hajmi 100,3 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan kombinatni rivojlantirishning 2017-2026-yillargacha boʻlgan davrga moʻljallangan dasturini muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarish, Markaziy kon boshqarmasi tizimida yangi korxonalarni ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish borasida uzluksiz va tizimli bunyodkorlik ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Joriy yilda yirik investitsion loyihalar doirasida 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatini kengaytirish boʻyicha yana bir rudani qayta ishlash boʻlimi foydalanishga topshirildi. Qisqa muddat ichida ishga tushirilgan mazkur boʻlimda uch oy davomida 437 ming 770 tonna ruda qayta ishlandi. Shuningdek, “Muruntov” konini oʻzlashtirishning 5-navbatida 13,3 mln metr kub kon massasi qazib olindi. Yana yirik investitsion loyihalardan biri 7-Gidrometallurgiya zavodi negizida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasining birinchi navbati aprel oyida ishga tushirilib,rudani qayta ishlash hajmi belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Aytish joizki, loyiha yakunida yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan ulkan sanoat majmuasi yaratiladi. Bu esa oʻz navbatida qoʻshimcha 1150 dan ortiq yangi ish oʻrinlari ochilishiga imkon yaratadi.

Shu oʻrinda aytish oʻrinliki, Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan, “Tarkibidagi qimmatli metallni ajratish uchun maydalangan maʼdanni kislorod va ohak yordamida ishlov berish” texnologiyasi 5-Gidrometallurgiya zavodida tatbiq etilishi koʻzda tutilgan. Ushbu loyiha 2022-yilning dekabr oyida toʻliq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan 5-GMZni qurish jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda. 2020-yilda chel el banklarining kreditlari hisobidan ushbu zavod qurilishi uchun 100,1 mln dollar miqdoridagi kapital qoʻyilma mablagʻlari oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan boʻlib, 2020-yilga ajratilgan mablagʻning 19.8% iga qurilish ishlari bajarilib, jahonning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan texnika vositalari va texnologiyalari olib kelindi.

Karantin sharoitida jamoa sogʻligi himoya qilish yoʻlida xavfsizlik va sanitariya qoidalariga toʻla amal qilgan holda, belgilangan tartibda 3-sonli tibbiy-sanitariya qismi va boshqa masʼul idoralar bilan birgalikda korxonalar xodimlarini tizimli ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, muntazam dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda. Ishchi-xizmatchilarimizni ushbu murakkab sharoitda tartib-intizomli boʻlishga, karantin va gigiyena qoidalariga rioya etilishi taʼminlanmoqda. Eng muhimi, bugungi kunda yurtimiz iqtisodiyotida bizning korxonalarimiz va biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning oʻrni naqadar beqiyosligini chuqur his etib, ish surʼatini bir muddat ham tushirganimiz yoʻq. Korxonalarimiz shiddat bilan oʻz faoliyatlarini davom ettiryapti. Ushbu masʼuliyatli yoʻlda bor imkoniyatlarni ishga solib, belgilangan rejalarni ortigʻi bilan ado etish bizning bosh maqsadimizdir. Buning uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar yetarli.

Otabek MUSTAQIMOV,

Markaziy kon boshqarmasi direktori,

Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер