Singapur kompaniyasi Fargʻona viloyatida suv resurslari uchun aqlli texnologiyalarni joriy etadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Fargʻona viloyati hokimligida Singapurning “Exciton Systems” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqotda viloyatda qishloq xoʻjaligi sohasida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish uchun aqlli texnologiyalarni joriy etish masalasi koʻrib chiqildi.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda butun dunyoda, xususan, yurtimizda ham suvga boʻlgan talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Sayyoramizda suv tanqisligi kuzatilayotgan hozirgi vaziyatda mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish tubdan isloh qilinib, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb etishga katta eʼtibor qaratilayotir.
Shu maqsadda viloyat irrigatsiya tizimlarini yangilashda “Exciton Systems” kompaniyasi bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Ayni jarayonda kompaniya mutaxassislari tomonidan suvning hisobini yuritish, suv hajmini monitoring qilish, tahliliy maʼlumotlar jamlash hamda qishloq xoʻjaligi uchun yangi boʻlgan bashoratlash tizimi faoliyatini shakllantirish maqsad qilingan.
— Eʼtiborlisi, kompaniya oʻz texnologiyalarini joriy etish jarayonini oʻzi moliyalashtiradi, — deydi “Sirdaryo – Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassisi Hamidjon Burhonov. — Uchrashuvda kompaniya vakillarining ushbu texnologiyalar joriy etilgan mamlakatlarda ularning nechogʻli samarali ishlayotganini koʻrish maqsadida viloyat delegatsiyasi tashrifini tashkil etish taklifi maʼqullandi.
Aynan oʻrganish natijalari asosida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha muzokaralar davom ettiriladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring