Sinaga “Turizm qishlogʻi” maqomi berildi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi Sina mahallasida anʼanaviy milliy taomlar sayli oʻtkazildi. Tadbirlar doirasida togʻlar qoʻynidagi maftunkor Sina qishlogʻiga “Turizm qishlogʻi” maqomi berildi.
Viloyat hokimligi va Turizm qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan saylda voha tumanlari va Termiz shahrining milliy uslubda bezatilgan pavilyonlari tashkil etilib, hududlariga xos tansiq taomlar koʻrgazmasi, taomlar tayyorlash bilan bogʻliq uslub, udum va anʼanalar, milliy xalq oʻyinlari keng namoyish etildi.

— Sina qishlogʻi azaldan pazandalik sanʼati bilan mashhur, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bekzod Oʻroqov. — Ushbu tadbirning oʻtkazilishidan koʻzlangan maqsad hududning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, milliy urf-odat va anʼanalarni mehmonlarga keng namoyish etish hamda Sina qishlogʻini turistlarning sevimli maskanlaridan biriga aylantirishga qaratilgan.
Xorijlik va mahalliy sayyohlar, tadbir mehmonlari non, patir va somsaning 20 dan ziyod turi hamda tandir kabob, goʻjali osh va boshqa milliy taomlarning tayyorlanish sirlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.

Sayilda “Eng yaxshi milliy taom”, “Eng yaxshi oshpaz” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Ular viloyat va Denov tumani hokimligi tomonidan diplom, maxsus statuetka va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shu kuni Turizm qoʻmitasi masʼullari Sina qishlogʻiga turizm qishlogʻi maqomi berilganligi haqidagi sertifikatni tantanali topshirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyat hokimligi, Turizm hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun press-tur uyushtirildi. Tadbir ishtirokchilari togʻlar qoʻynidagi Sina, Ushor, Sunbula kabi qishloqlar aholisining hayoti bilan tanishdi. Sirli baliq koʻli, maftunkor “Sunbulai zor” tabiat moʻjizasi, Qiz qoʻrgʻon arxeologik yodgorligi, Xoʻjai Hisor ziyoratgohi kabi sayyohlik maskanlari, oilaviy mehmon uylari, hududning milliy hunarmandchiligi haqida maʼlumotlarga ega boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring