Sifatli taʼlim – Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya
Foto: “Xalq soʻzi”
Mamlakat taraqqiyotining yagona yoʻli ilm va maʼrifatdir. Ilm va maʼrifat ustuvor boʻlgan jamiyatda maʼnaviyat yuksaladi, davlat taraqqiy topadi, inson qadri ulugʻlanadi. Bunga eltadigan yagona yoʻl esa taʼlim va tarbiyadir.
Shu bois mamlakatimizda keyingi yillarda taʼlim sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Qisqa muddat ichida sohada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi, yuksak natijalarga erishildi. Oʻqituvchi kasbining obroʻ-eʼtibori yuksaldi, qadri oshdi, ularni moddiy ragʻbatlantirishning yangi tizim va mexanizmlari ishlab chiqildi va joriy etilmoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berilgani ham, avvalo, taʼlim sohasida boshlangan ulkan ishlarimizni izchil davom ettirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Aytish joizki, bu, oʻz navbatida, soha vakillari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir. 2023-yilda ham maktablarda taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchi kasbining nufuzini koʻtarish hamda ular sharoitini yaxshilash eng asosiy vazifalardan biriga aylanadi.
Prezidentimiz oʻqituvchilarning maqomi, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish Konstitutsiyada alohida belgilanishi zarur, deb alohida taʼkidladi.
Yana bir xushxabar shundan iboratki, 2023-yildan boshlab boshlangʻich sinf oʻquvchilari mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitiladi.
Davlatimiz rahbari bolalarimiz maktabda ona tili va chet tillarini puxta oʻzlashtirishi, kompyuterda ishlashni puxta oʻrganishi, ularni kasb-hunarga, sanʼat va madaniyatga qiziqtirish, oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlash, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarurligini taʼkidladi.
2023-yildan maktab taʼlimi xalqaro taʼlim dasturlari asosida tubdan isloh qilinadi. Darsliklar yangilanadi, ilgʻor taʼlim standartlari va metodikalar joriy etiladi. Ayni shu maqsadda alohida ilmiy institut va laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Prezident yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishni taʼlim sohasidagi navbatdagi muhim yoʻnalish, deb baholadi.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, ayni paytda, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelyapti. Mamlakatimizda hozirgi kunda 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar faoliyat yuritmoqda. Davlatimiz rahbari ana shu imkoniyatdan samarali foydalanish zarur, deb aytdi. Bu, oʻz navbatida, “Barkamol avlod” bolalar maktablari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Ayni paytda joylarda 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat yuritadi. Ularda 6 yoʻnalishda 368 ming nafar oʻquvchi kasb-hunar oʻrganmoqda. Shu oʻrinda “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi iqtidorli oʻquvchilar bazasi shakllantirildi. Ularning soni bugungi kunda 1145 nafarga yetdi. Shundan 143 nafari xalqaro olimpiada va tanlovlarda, 1002 nafari respublika miqyosidagi musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
“Barkamol avlod” bolalar maktablari zimmasidagi vazifalar koʻlami bugungi kunda yanada oshgani sir emas. Endigi maqsadimiz bolalar boʻsh vaqtini foydali ishlarga jalb etish, iqtidorli bolalarga koʻmaklashish, ularning isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, ijod qilishlari uchun qulay shart-sharoit va imkoniyat yaratishdan iborat.
Muxtasar aytganda, yoshlar qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalash, xalqimizga yot va yangi avlod ongi uchun zararli boʻlgan salbiy taʼsirlardan himoya qilish, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga koʻrsatishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash har bir ota-ona, xonadon va mahalla zimmasidagi ham qarz, ham farzdir.
Sevara MAHMUDOVA,
Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar Parlamenti Ilm-fan, madaniyat va kitobxonlik masalalari komissiyasi raisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring