Sifatli keramika mahsulotlari xorij bozorlarida ham o‘z o‘rnini topmoqda

14:42 18 Noyabr 2021 Jamiyat
897 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Bunyodkorlik ishlari qurilish sanoati rivojiga ham turtki beradi. Yaʼni qanchalik qurilish ko‘p bo‘lsa, bunday mahsulotlarga ehtiyoj ham ortib boraveradi. Bozorda raqobat shakllanib, xaridorlarda tanlash imkoniyati oshadi. Eʼtiborlisi, bugun O‘zbekistonda bu bozor shakllangan va yurtimizda ishlab chiqarilayotgan qurilishbop ashyolar nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarda ham o‘z o‘rnini topib ulgurgan. 

Tahlillarga ko‘ra, yanvar-oktyabr oylarida respublikamizdagi mavjud sanoat korxonalarida jami 24 mln. 221 ming metr kvadrat keramik plitkalar ishlab chiqarilgan. Shundan 14 mln. 224 ming metr kvadrat mahsulot “O‘zsanoatqurlishmateriallari” uyushmasiga aʼzo korxonalarga tegishlidir.  Eng ko‘p mahsulot — 5 mln. 564 ming metr kvadrat keramika Farg‘ona viloyatidagi “Moderna Ceramic Industries Ferghana” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tayyorlangan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Sirdaryo viloyatidagi "Sirdarya Ceramic Production" hamda Samarqand viloyatidagi “Prime ceramics” korxonasi  band etdi. Ikki korxonada mos ravishda 3,06. mln., va  2,9 mln. metr kvadrat keramika mahsulotlari mijozlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, “National Caramics”, “Great wall ceramic industries”, “Orient-ceramic”, “Premium elegant ceramics”, “Lyux Granit”, "Nodir Keramiks", "Peng Sheng”, “Flet Tayl” kabi korxonalarda tayyorlangan mahsulotlar ham  xaridorlar orasida ancha mashhur.

Yana bir eʼtiborga molik jihati, yanvar-sentyabr oylarida korxonalar tomonidan 43 mln. dollarlik keramik plitkalar eksport qilingan. Bu borada “Prime ceramics”, “Orient-ceramic” va “Moderna Ceramic Industries Ferghana” MCHJlar ko‘rsatkichlarb yuqori. Milliy mahsulotlarimizning eng ko‘p xaridori Qozog‘iston Respublikasi hisoblanadi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan poytaxtimizdagi “Orient-seramic” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashkil etilgan press-turda shular xususida maʼlumot berilish barobarida, ommaviy axborot vositalari vakillari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Chilonzor tumanidagi sanoat zonasida 3,6 gektar hududda joylashgan korxona 2019 yil iyul oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 14 mln. dollar bo‘lib, yiliga 3 mln. kvadrat metr keramik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Ahamiyatlisi, masʼuliyati cheklangan jamiyat mahsulotlari deyarli 100 foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. Shu bois korxona kafellari ichki bozorga xorijnikidan bir necha barobar arzon narxlarda chiqarilmoqda. Ayni paytda uning 30 foizdan ortig‘i Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda.

Korxona faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bir holat, yaʼni ishlab chiqarish jarayoniga deyarli inson aralashmasligi diqqatimizni tortdi. Barcha ish avomatlashtirilgan tizim orqali boshqariladi. Katta dastgoh yoki liniyani bir-ikki kishi nazorat qiladi, xolos.

— Bundan tashqari, bizda ish bir zum ham to‘xtab qolmasligi kerak, — deydi sex boshlig‘i Aziz Ishonxo‘jayev. — Chunki ishni vaqtincha to‘xtatib qaytadan boshlash katta xarajat va mehnatni talab etadi. Biror nosozlik kuzatilsa, zaxiradagi imkoniyatdan foydalanamiz. Shu asnoda kuniga 10 ming metr kvadrat ishlab chiqarishni ushlab turamiz.  

Qayd etganimizdek, hozirgi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahalliy keramik plitkalari dunyoda o‘z o‘rniga ega. Boisi, ushbu mahsulotlarga nafaqat mahalliy va jahon bozorida talab o‘sib bormoqda. Jamiyat direktori o‘rinbosari Aziz Jilonovning aytishicha, bu omil ularni yana-da izlanishga chorlamoqda. Shu bois kelgusi yilda Sergeli tumanida yangi loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun xorijdan texnologiyalar keltirib qo‘yilgan. Montaj ishlariga bahor faslida kirishiladi. Shunda korxonada keramik granit ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu qo‘shimcha daromad va yangi ish o‘rinlari yaratiladi, deganidir.

Dilshod ULUG‘MURODOV, “Xalq so‘zi”.

  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер