Sifatini tasdiqlovchi hujjatsiz dori vositalarini sotgan dorixona faoliyatiga chek qoʻyildi
Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati asosida “Tolib Farm” MCHJga tegishli Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 99-uyda joylashgan dorixonada oʻtkazilgan tekshiruv natijasiga koʻra, mazkur dorixona savdo zali va omborxonasidan noqonuniy muomalada boʻlgan 24 turdagi (muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan 10 turdagi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan 14 turdagi) dori vositalari borligi aniqlangan.
Yuqoridagi holatlar boʻyicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining “Tolib Farm” MCHJ tegishli dorixonaga 2020-yil 23 oktyabrdagi berilgan №500-sonli litsenziyani bekor qilish haqida Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan daʼvo arizasi sudning 2023-yil 12 oktyabrdagi tegishli hal qiluv qarori bilan qanoatlantirildi va “Tolib Farm” MCHJga tegishli dorixonaga dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun berilgan litsenziya bekor qilindi.
Eslatib oʻtamiz, “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom”ga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va (yoki) realizatsiya qilish — faoliyat uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatilishiga olib keladigan, litsenziya talablari va shartlarini qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanadi.
Shuningdek, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasida muvofiq sifatsiz, qalbakilashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring