Sifat va meʼyorga eʼtiborli boʻling!

16:27 15 Noyabr 2019 Jamiyat
1309 0

Illyustrativ foto

2019-yil 14-oktyabrda “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining 866-sonli qarori qabul qilindi. Unga koʻra, qolipli non mamlakatimiz ichki bozorlarida erkin narxda sotilishi belgilandi.

“Oʻzstandart” agentligi tarqatgan maʼlumotga koʻra, qolipli non mahsuloti belgilangan standart talablariga mos kelishi kerak. Xususan, muvofiq shaklga ega, ortiqcha qismlar boʻrtib chiqmagan boʻlishi lozim. Sezilarli yoriqlar, ortiqcha shakllar boʻlmasligi ham maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, rangi och-sariqdan toʻq-jigarranggacha boʻlishi belgilangan. Taʼmi anʼanaviy non mazasidan oʻzgartirilishi standart talablariga ziddir. Va albatta, qolipli non mahsulotlari yaxshi pishgan holda savdoga chiqarilishi shart. Bunda elastiklik darajasi barmoq bilan yengil bosganda oʻz shakliga qaytishi lozim.

Qayd etilishicha, qolipli non mahsuloti 500 grammdan 1,1 kilogrammgacha massada ishlab chiqarilishi mumkin.

Afsuski, tadbirkorlar tomonidan chakana savdoga qoʻyilgan tayyor mahsulot ushbu talablarga javob bermasligi, narxlar esa asossiz ravishda oshirilgani kuzatilmoqda.

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasi, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hamda sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari bilan Juriyat dehqon bozorida nazorat tadbiri oʻtkazildi.

Aniqlanishicha, chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar G.T., G.H. hamda D.Q.lar qolipli non savdosini yoʻlga qoʻygan. Oʻrganish natijalariga koʻra, sotilayotgan non mahsulotlari vazni davlat standartidan 150 grammgacha kam ekanligi oydinlashdi. Bundan tashqari tayyor mahsulot sifati va elastiklik darajasi ham davlat standartiga nomuvofiq holda sotilmoqda.

Ishchi guruh aʼzolari tomonidan tadbirkorlarga kamchiliklarni bartaraf etish tavsiya etildi.

Hozirgi kunda Jomboy tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan aholi oʻrtasida qolipli nonning texnik reglament talablari tushuntirilmoqda. Isteʼmolchi mahsulot xarid qilishda mahsulotning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat talab qilish huquqi borligi eslatilmoqda.

F.Baxriyev,

Jomboy tuman isteʼmolchilar
huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер