Shuhrat Murotov koʻksini “Shuhrat” medali bezadi
Foto: «Халқ сўзи»
Qashqadaryo viloyatida birinchi boʻlib televizor ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan tadbirkor Shuhrat Murotov Prezidentimizning 2023-yil 18-avgustdagi “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shuhrat Murotovni qariyb 17 yildan buyon bilaman. Oʻsha 2006-yillarda kompyuterlar bu qadar ommalashmagan, chekka hududlarni qoʻya turing, viloyat markazida ham kompyuter uchun zarur ehtiyot qismlarini topish oson emasdi. Intiluvchan tadbirkor ana shunday qiyin bir sharoitda oʻzining “Alp Texno Servis“ xususiy korxonasini tashkil etib, kompyuter va uning ehtiyot qismlari savdosi, qolaversa, kompyuterlarga servis xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻygandi. Shu bois uning shahar markazida joylashgan moʻjazgina doʻkoni doim mijozlar bilan gavjum boʻlardi.
2014-yilga qadar tadbirkor kompyuter hamda uning ehtiyot qismlarini sotish, oʻrnatish va servis xizmati koʻrsatish bilan shugʻullangan boʻlsa, 2015-yildan maishiy texnika vositalari savdosini ham yoʻlga qoʻydi. 2016-yilga kelib Xitoyning “ITM SWS Co. LTD“ kompaniyasi bilan hamkorlikda Qarshi shahrida ”Biss electronics system“ masʼuliyati cheklangan jamiyati negizida 32 va 43 dyuymli televizorlar ishlab chiqarishga kirishdi. Bu viloyat tarixida televizor ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ilk loyiha edi.
Korxonada ishlab chiqarilgan zamonaviy televizorlar ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham oʻz oʻrnini topa boshladi. Bu esa tadbirkorni yana yangi-yangi marralar sari ilhomlantiraverdi.
2018-yildan boshlab korxonada ishlab chiqarilayotgan televizorlarning oʻlchami 49 dyumga yetgan boʻlsa, 2020-yildan 55 oʻlchamgacha boʻlgan va “Smart” funksiyali eng zamonaviy televizorlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.
2022-yilda esa Qarshi shahridagi “Buyuk Turon” kichik sanoat zonasida “Alp Texno Servis“ xususiy korxonasining yirik ishlab chiqarish zavodi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda bu yerda zamonaviy televizorlarning 32, 43, 50, 55, 65 dyuymli modellari, yangi avlod ”aqlli” televizorlar ishlab chiqarilmoqda.
— Bugungi kunga kelib korxonamizda oyiga 10 ming dona televizor ishlab chiqarilmoqda, — deydi Shuhrat Muratov. — Ularning yetmish foizi, yaʼni oʻrtacha yetti ming donasini xorijga eksport qilyapmiz. Xorijdagi mijozlarimiz asosan Ozarbayjon, Qirgʻiziston hamda Rossiyalik isteʼmolchilar hisoblanadi. Shuningdek, ayni vaqtda Tojikiston, Turkmaniston va Belarus bozorlariga kirish harakatidamiz. Yangi bozorlarga yoʻl ochish bizga ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish imkonini beradi.
Tadbirkor bu bilan cheklanmoqchi emas. Ayni paytda korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha yana bir qator biznes-gʻoyalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, kelgusida yarim avtomatli kir yuvish mashinalari hamda zamonaviy changyutkichlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Ha, bir insonning tashabbuskorligi, tadbirkorligi ortidan yirik korxona bunyod etildi. Korxonada hududdagi 70 nafarga yaqin yigit-qiz eng zamonaviy texnologiyalar asosida “aqlli televizorlar” ishlab chiqarish bilan mashgʻul. “Tadbirkor – elga madadkor” deya shunga aytsalar kerakda!
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring