Shovotda harbiy xizmatchilar uchun yangi xizmat uylari foydalanishga topshirildi
Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan harbiy qismlardan birida chegarachilar va ularning oila aʼzolari uchun barpo etilgan yangi xizmat uylari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov, nuroniylar, harbiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Marosimda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoitlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berildi.

— 20 ta oila uchun moʻljallangan ushbu yangi turar joy binosi biz harbiylar uchun Konstitutsiya bayrami arafasidagi katta sovgʻa boʻldi, — deydi mayor Abbos Muzaffarov. — Xizmat xonadonlari keng, shinam va barcha zarur sharoitlar bilan taʼminlangan. Bunday eʼtibor bizda Vatanimizning har qarich tuprogʻini asrash, mamlakat tinchligi va xalqimiz farovonligini taʼminlash borasidagi masʼuliyatimizni yanada oshiradi.
Yangi xizmat uylarining foydalanishga topshirilishi harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlarning izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring