Shoshiling, Ramazon bizni tark etmoqda!
Avval xabar berganimizdek, Toshkent viloyatida tashkil etilgan “Ramazon tuhfasi” aksiyasida tadbirkor va ishbilarmonlar, savobdan umidvor barcha saxovatpeshalar faol qatnashishmoqda.
Viloyat hokimligi axborot xizmati tarqatgan navbatdagi xabarda taʼkidlanishicha, shu kungacha 1,5 mingdan ortiq oilalarga 1 milliard 437 million 247 ming soʻm atrofidagi mehr-muruvvat yordami koʻrsatilgan. Oʻzi aslida bu ishni oʻng qoʻl bilan qilib, chap qoʻlga sezdirmaslik savob edi! Biroq hisobotlar ochiqlandi. Muruvvatli kishilar mablagʻi tufayli viloyatnint Angren shahri, Qibray, Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq kabi tumanlaridagi yuzlab ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar, boquvchisini yoʻqotgan uy bekalari muborak Ramazon barakotidan bahramand boʻlishdi.
Oylar sarvari bizlarni ana shunday saxiyligi, mehr-muruvvati, shafqati, xayru barakoti bilan yana bir yilga tark etmoqda. Afsuski, oʻz mol-dunyosi bilan kerilib yurgan gʻaflatdagi ayrim insonlar iymonning bu lazzatidan bebahra qolishmoqda. Saxovat sari qoʻl choʻzishga iymanishmoqda. Shoshiling, Ramazon bizni tark etmoqda!
Shodiyor Mutaharov
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring