Shoʻrchi tumanida yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan tashabbus amalga oshirildi
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Sobir Astanaqulov tomonidan yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi amaliy tashabbus roʻyobga chiqarildi. U Shoʻrchi tumanidagi bir guruh ishsiz yoshlarga mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni topshirdi.
Mazkur tashabbusdan koʻzlangan asosiy maqsad — yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni barqaror daromad manbai bilan taʼminlash hamda jamiyatda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashishdan iborat. Topshirilgan jihozlar orqali yoshlar xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish sohalarida mustaqil faoliyat yuritish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Eʼtiborli jihati, bu kabi amaliy yordamlar yoshlarning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ilgari ishsizlik tufayli xorijga mavsumiy ishga chiqishga majbur boʻlgan ayrim yigit-qizlar endilikda oʻz yurtida mehnat qilib, oilasi bagʻrida barqaror daromad topish imkoniga ega boʻlmoqda.
— Rostini aytsam, ishsizlik meni jiddiy oʻylantirardi, — deydi Shaldiroq mahallasida yashovchi Humoyiddin Shodmonov. — Ayrim paytlarda tirikchilik deb xorijga mavsumiy ishga chiqishga ham toʻgʻri kelardi. Biroq bu uzoq muddatli yechim emasligini yaxshi tushunardim. Menga zamonaviy payvandlash uskunasi topshirildi. Endi oʻz ustaxonamni ochib, buyurtmalar qabul qilishni rejalashtirmoqdaman. Eng muhimi, oilam yonidaman va oʻz yurtimda mehnat qilyapman.
Qayd etish joizki, bundan avval ham tuman hokimi yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, ularning qiziqish va iqtidoridan kelib chiqqan holda zarur jihozlar topshirgan edi. Bunday saʼy-harakatlar yoshlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring